← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epigonlik

Epigonlik (yun. epigonoi – keyin tugʻilgan) – adabiyotdagi oʻzlashtirish koʻrinishlaridan biri, oʻzigacha mavjud boʻlgan asarlarga, muayyan adabiy yoʻnalish, oqim yoki alohida soʻz sanʼatkoriga xos uslub, tasvir manerasi kabilarga koʻr-koʻrona ergashish. E. ijodiy yondashuvdan mahrum boʻlib, unda adabiy hodisa (muayyan asar, yoʻnalish yo ijodkor uslubi va sh.k.)ning u yoki bu darajada muvaffaqiyat topgan va muqim qaror topib ulgurgan jihatlari mexanik qayta yaratiladi. Shu maʼnoda, E. iqtidori yetarli boʻlmagan ijodkorning oʻquvchi omma didi, talab-ehtiyojlariga moslashishga intilishi mahsulidir. Biroq noijodiy yondashuv, ergashilayotgan namunaning tashqi jihatlarinigina mexanik qayta yaratilishi sabab E. hamisha muvaffaqiyatsizlikka mahkum, zero, jonsiz sxema, quruq uslubiy vositalaru kompozitsion usullar majmui badiiyat hodisasiga aylana olmaydi. E.ning koʻrinishlaridan biri sifatida avtoepigonlik ham koʻrsatiladi. Bunda ijodkorning oʻz-oʻzini takrorlashi (mavzu, ohang, syujet qurilishi, obrazlar, hayotiy holatlar tasviri va sh.k.) nazarda tutiladiki, bu ijodiy oʻsishdagi oqsashdan darak beradi. Tabiiyki, E. kabi avtoepigonlik ham salbiy hodisa, zero, chinakam ijod muttasil izlanishni, “ortdagi koʻpriklarni buzib borish”ni taqozo etadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish