← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epigraf

Epigraf (yun. epigraphe – bitik, sarlavha) – asarning boshlanishida sarlavhadan keyinoq yoki uning boʻlim (bob, fasl)lari boshida keltiriluvchi qisqa, odatda, eʼtiborli manbalardan (xalq ijodi, mashhur kishilarning purhikmat soʻzlari va sh.k.) olingan koʻchirma, sitataning bir koʻrinishi. Koʻp hollarda E. oʻzining aforistik mazmuni bilan asar mohiyatini ochib beradi. Mas., A.Qahhor “Oʻgʻri” hikoyasiga E. qilib olgan “Otning oʻlimi – itning bayrami” maqoli hikoya mohiyatini, undagi voqeaga gʻoyaviy-emotsional munosabatni ifoda etadi. Biroq E.ning badiiy-estetik funksiyalari shu bilangina cheklanmaydi. Baʼzan E. ekspozitsiya vazifasini oʻtashi, oʻquvchini asar voqeligiga olib kirib, unga ilk maʼlumotlarni berishi mumkin. Mas., X.Sultonovning “Bunchalar shirinsan, achchiq hayot” hikoyasiga E. qilingan Gʻ.Gʻulomning Qurbonjon dodxoh haqida aytgan soʻzlari shunday vazifani bajaradi. A.Oripovning “Tunislik bola” sheʼriga Rimda tunislik bola millatchi-irqchilar tomonidan yoqib yuborilgani haqidagi gazeta xabari E. qilib olinganki, bu asarning yozilish sababini izohlash bilan birga, lirik qahramon kechinmalarini asoslashga ham xizmat qiladi. Choʻlponning “Kecha” romaniga epigraf qilib olingan M.Gorkiy soʻzlari esa polufunksionallik kasb etadi: u ham turli ayblovlardan himoya vositasi, ham adibning asarni yozishdan maqsadini (muhimi, ham ochiq ifodalanayotgan, ham pardalab aytilayotgan maqsadni) ifodalaydi. E.ning parodiyadagi vazifasi esa janr tabiatiga mos: parodiyaga obyekt boʻlgan asardan keltirilgan parcha, bir tomondan, oʻquvchini hajv qilinayotgan asarga yoʻnaltiradi, ikkinchi tomondan, parodiyanavisning uslubiy “oʻyin”lari uchun asos boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish