← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epilog

Epilog (yun. epilogos – soʻngsoʻz) – asarda tasvirlangan asosiy voqealardan alohida ajralib turuvchi yakun, xotima. Antik davrlardan shakllangan anʼanaga koʻra, sahna voqealari yakun topgach, E. qismi berilib, ular mundarijasi (sahnada oʻynalgan tomosha mazmunini tushuntirish, qissadan hissa chiqarish, tomoshabinlarga minnatdorchilik bildirish, kamchiliklar uchun uzrxohlik qilish va sh.k.) va shakli (xor qoʻshigʻi, raqs, aktyorlarning zalga bevosita murojaati va b.) jihatidan turlicha boʻlgan. Keyincha E. epik asarlarda ham qoʻllana boshlandi. Epik asarlarda ham E. turli shakllarda (voqea, biron bir rivoyat, tabiat manzarasi va b.) berilishi mumkin. E.ning koʻp hollarda alohida bir voqea shaklida berilishi sabab boʻlsa kerak, baʼzan E. ham syujet elementi sifatida koʻrsatiladiki, bu toʻgʻri emas. Chunki bu holda ham E. asosiy syujetning bevosita davomi emas, balki asosiy voqealar yakuniga yetgach yuz bergan voqea boʻlib, u asar mazmunini, muayyan gʻoyani oydinlashtirish, konkretlashtirishga xizmat qiladi (mas., “Oʻtgan kunlar”da Otabekning qabristonda Zaynab bilan toʻqnash kelishi), bu esa qanday shaklda berilishidan qatʼi nazar, barcha E.larga xosdir. Shu maʼnoda, E.ni personajlarning keyingi taqdiri haqida maʼlumot beruvchi keyingi tarix (mas., “Oʻtgan kunlar”dagi Otabekning oʻlimi haqidagi xabar; “Yozgʻuvchidan” deb nomlangan Otabekning avlodlari taqdiri haqidagi maʼlumotlar)dan ham farqlash kerak.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish