← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epistolyar adabiyot

Epistolyar adabiyot (yun. epistole – maktub, noma) – birovga maktub shaklida yozilgan adabiy yoki publitsistik asarlar. Ijodkor maktublari avvaldan (badiiy niyatda) koʻpchilikning oʻqishiga moʻljallangan badiiy yoki publitsistik asar sifatida rejalashtirilgan boʻlishi ham, uning birov bilan yozishmalari keyincha oʻquvchilar tomonidan shunday deb qabul qilinishi ham mumkin. Masofadan muloqot qilishning yagona shakli boʻlgani uchun antik davrlarda maktub yozishga jiddiy qaralgan, ular ritorika qoidalariga rioya qilgan holda bitilgan. Shu bois ham Epikur, Sitseron, Seneka kabilarning maktublari E.a.ning nodir namunalariga aylangan. Oʻrta asrlarga kelib Fotiy, Avgustin, Lyuter kabi diniy arboblar maktubning didaktik imkoniyatlaridan keng foydalanib, oʻz qavmlariga turli masalalarni tushuntirganlar. E.a.ning oʻzbek mumtoz adabiyotidagi namunasi sifatida A.Navoiyning “Munshaot” asarini keltirish mumkin. Adabiyot taraqqiyotining keyingi davrlarida shaxslararo bevosita yozishmalar ham ahamiyatini yoʻqotmagani holda, adabiy asarlarni maktub shaklida yozish keng ommalashdi. Mas., “Fors xatlari”(Monteskye), “Yuliya yoki yangi Eloiza” (J.J.Russo), “Yosh Verterning iztiroblari”(Gyote), “Kambagʻal kishilar”(F.M.Dostoyevskiy) kabi qator asarlar maktub shaklida yozilgan. Yangi oʻzbek adabiyotida ham maktub shaklidan samarali foydalanilgan asarlar talaygina: “Sevgim, sevgilim” (Oʻ.Umarbekov), “Choʻl havosi”( Oʻ.Hoshimov).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish