← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epitafiya

Epitafiya (yun. epitaphos – qabrtoshdagi yozuv) – qabrtoshga yozilgan bitik; haqiqatda qabrtoshga bitilgan yoki qabrtoshga bitilmasa-da, toʻplamdan joy olgan moʻʼjaz sheʼr. Odatda, E.lar yo marhumga murojaat shaklida, yo marhumning tiriklar (qabr yoniga keluvchi yoki qabr yonidan oʻtuvchi)ga murojaati shaklida boʻladi. Ushbu anʼanaviy shakldan tashqari, E.ning hajviy shakli ham boʻlib, u mazmun-mohiyatiga koʻra epigrammaga yaqin turadi. Genetik jihatdan antik adabiyotdagi epigrammalarning bir koʻrinishi boʻlgan E.lar Yevropada oʻrta asrlar va Uygʻonish davrida keng ommalashgan. Oʻzbek sheʼriyatida E. janri ommalashgan emas, lekin, siyrak boʻlsa-da, uchrab turadi. Jumladan, ayrim epik asarlarda (mas., A.Qodiriy. “Oʻtgan kunlar”; A.Muxtor. “Chinor”; U.Hamdam. “Sabo va Samandar”) keltirilgan qabrtoshlardagi nazmiy bitiklarni E. namunasi sanash mumkin. Shuningdek, E.ning qabrtoshga bitilmagan koʻrinishiga misol sifatida X.Davronning “Mening sochim oqqa koʻmilgay, Sochingga oq tushmay ketding, xayr” misralari bilan boshlanuvchi sheʼrini keltirish mumkinki, muallifning oʻzi uning janrini E. deb belgilagan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish