← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epitet

Epitet (yun. epitheton – ilova etilgan, izohlovchi) – badiiy sifatlash; narsa-hodisaning belgisini obrazli ifodalaydigan badiiy aniqlovchi. Til nuqtai nazaridan qaralsa, E. hamisha aniqlovchi vazifasida keladi, lekin oddiy aniqlovchidan farqli ravishda, badiiy funksiyani oʻtaydi: agar oddiy aniqlovchi narsa-hodisani bir turdagi boshqa predmetlardan ajratsa (yolgʻiz ayol), E. unga xos muayyan belgini ajratib-taʼkidlab (“Yobondagi yolgʻiz daraxt...”) koʻrsatadi. Koʻp hollarda E. belgini koʻchma maʼno orqali ifodalaydi va bu holda metaforik epitet (qiyoslang: xira oyna – xira koʻngil) deb yuritiladi. Ayrim E.lar xalq ogʻzaki ijodida, shuningdek, yozma adabiyotda anʼanaviy tarzda keng qoʻllangani sababli muayyan turgʻunlik kasb etgan boʻlib, ular doimiy, barqaror E.lar deb yuritiladi (alpkelbat pahlavon, sunbul soch, qunduz qosh, oy yuz, laʼl lab, sarv qomat). Adabiyotda ijodiy individuallikning kuchayishi barobaridadada betakror, narsa-hodisani kutilmagan jihatlardan tavsiflovchi E.larning salmogʻi va qimmati ortib boradi. Bunday E.lar ifodaning yorqin, tasvirning jonli boʻlishiga xizmat qilib, estetik taʼsir kuchini oshiradi (mas.: “Shoyi shafaqlarga oʻranar yurak”; “O, uyatchan namozshomgullar”; “Maʼsum maysalarni tiriltguvchi sen, Muzlagan hislarni ilitguvchi sen”; “Dasturxonda faqat kemtilgan yurak” – E.Shukurov.)

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish