← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epizod

Epizod (yun. epeisodien – kiritma) – epik, liro-epik va dramatik asarlarda tasvirlanayotgan voqeaning makon va zamonda kechishi jihatidan ajraluvchi, makoniy va zamoniy jihatdan aniq chegaralanganlik asosida nisbiy mustaqillik kasb etuvchi boʻlagi. Agar shu jihatdangina qaralsa, dramatik asarlarning har bir pardasini E.ga teng sanash mumkin. Lekin sahnaning oʻz ichida koʻrinishlarga boʻlinishi, koʻrinish vaqt va joy birligidan tashqari, umumiy ishtirokchilar bilan ham ajralishi eʼtiborga olinsa, unda E.ni koʻrinishga teng deyish toʻgʻri boʻladi. Epik turning kichik janrlari (latifa, masal; ayrim ertaklar, kichik hikoyalar) aksar hollarda bitta E.dan tashkil topadi. Ayni chogʻda, kichik epik janrlar mazmuni koʻpincha ikki (baʼzan undan ortiq) E.ni bir-biriga zidlash, qiyoslash yoki tadrijiy (gradual) munosabatda qoʻyish orqali ham yuzaga chiqadi. Odatda, bitta voqea qalamga olinadigan hikoya (novellalar)larda shu voqeaning oʻzi bir necha E.dan tarkib topadi. Shunga oʻxshash, yuqoridagicha tamoyil asosida katta hajmli epik asarlar syujetidagi voqealar ham oʻz ichida E.larga ajratilishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish