← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epopeya

Epopeya (yun. epopoiia, yaʼni: epos – rivoya, hikoya va poieo – yaratmoq, ijod qilmoq) – hajman yirik, asosiga umumxalq ahamiyatiga molik problematika qoʻyilgan epik asar. E.ning ilk namunalari sifatida qahramonlik eposi (q. epos) koʻrsatiladi. Keyincha, oʻrta asrlar va Uygʻonish davrlaridan qahramonlik eposi anʼanalarining davomi, ularga taqlid tarzida dunyoga kelgan E.lar yozma adabiyotda ham qaror topdi (Vergiliy. “Eneida”; Tasso. “Ozod qilingan Iyerusalim”; Volter. “Genriada”). Badiiy nasrning, xususan, romanchilikning taraqqiy etishi barobaridadada millat hayotning muhim tarixiy bosqichini qalamga olib, umumxalq ahamiyatiga molik muammolarni badiiy idrok etishga qaratilgan roman-E.lar paydo boʻldi (Balzak. “Inson komediyasi”; L.Tolstoy. “Urush va tinchlik”; M.Gorkiy. “Klim Samginning hayoti”; M.Sholoxov. “Tinch Don” va b.). Asosga qoʻyilgan problematikasi va tasvir koʻlami jihatidan oʻzbek adabiyotidagi “Qullar” (S.Ayniy), tugallanmagan “Kecha va kunduz” dilogiyasi (Choʻlpon), “Navoiy” ( Oybek) romanlarida ham E.ga xos ayrim xususiyatlar kuzatiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish