← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epos

Epos (yun. epos – rivoya, hikoya) – 1) badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri. E.ning spetsifik xususiyati – voqeabandlik, epik asarda makon va zamonda kechuvchi voqea-hodisalar tasvirlanadi, soʻz vositasida oʻquvchi tasavvurida reallik kartinalariga monand jonlana oladigan toʻlaqonli badiiy voqelik yaratiladi. Tasavvurda reallikdagiga monand, oʻzining tashqi shakli bilan jonlangani uchun ham E.dagi badiiy voqelik “plastik” tasvirlangan deb aytiladi. E.da plastik elementlar bilan bir qatorda, noplastik elementlar (muallif mushohadalari, fikrlari, tasvir predmetiga hissiy munosabati va sh.k.) ham mavjud boʻlib, bu elementlar muallif obrazini tasavvur qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular, plastik unsurlardan farqli oʻlaroq, asarni oʻqish davomida oʻquvchi tasavvurida jonlanmaydi. E.da obyektiv va subyektiv ibtidolarning uygʻun birikishi kuzatiladi: asardagi badiiy voqelik obyektiv ibtidoni, asarning har bir nuqtasiga singdirib yuborilgan muallif shaxsi subyektiv ibtidoni tashkil etadi. Badiiy voqelikning “obyektiv ibtido” deyilishida shartlilik bor, chunki u reallikdan olingan oddiygina nusxa emas, balki voqelikning ijodkor koʻzi bilan koʻrilgan, ideal asosida idrok etilgan, baholangan va ijodiy qayta ishlangan aksidir. Shunday ekan, hatto “obyektiv tasvir” yoʻlidan borilib, muallif imkon qadar oʻzini chetga olgan asarlarda ham muallif obrazi mavjud boʻladi. Demak, epik asarlarda badiiy voqelik bilan bir qatorda, noplastik muallif obrazi ham har vaqt mavjuddir.

E.da makon va zamonda kechuvchi voqealar roviy (muallif, hikoyachi-personaj) tomonidan hikoya qilinadi. Shunga koʻra, E.da rivoya anʼanaviy ravishda yetakchi oʻrinni egallaydi, uning vositasida asarga dialog hamda tafsilotlar (peyzaj, portret, narsa-buyumlar va h.) olib kiriladi. Rivoya bu unsurlarning barini yaxlit butunlikka birlashtiradi. E.ning takomili jarayonida rivoya salmogʻining kamayib borishi kuzatiladi. Rivojlanish jarayonida E.da dialog hamda tafsilotlarning salmogʻi va ahamiyati ortib boradi. Bu badiiy adabiyotning boshqa sanʼat turlari bilan aloqasi, ularga xos usul va vositalarni oʻziga singdirishi natijasi sifatida tushunilishi mumkin. Mas., teatrning rivoji natijasida inson xarakterini yaratishning dramaturgik usullari ishlab chiqildi, sayqallandi; oʻquvchi omma dramaturgik usulda yaratilgan inson xarakterini anglashga, dialoglar vositasida yaratilayotgan badiiy voqelikning mohiyatini tushunishga tayyorlandi, yaʼni badiiy did rivojlandi. Shu asosda E.ga dramatik unsurlar kirib keldi. Ayni paytda, E.dagi dialog dramadagi dialogdan oʻzining hayotiyligi, maʼno koʻlamining kengligi bilan ajralib turadi. Chunki E.da dialog amalga oshayotgan konkret hayotiy situatsiya, unda qatnashayotgan personajlarning ruhiy holati, xarakter xususiyatlari haqida kengroq tasavvur berish imkoniyatlari mavjud, personaj dialogda aytayotgan har bir gap asar butunligi kontekstida tushunilishi mumkin.

E.da nasriy (sochma) nutq shakli yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, sheʼriy yoʻlda yozilgan epik asarlar ham ancha keng tarqalgan. Mas., B.Boyqobilovning “Kun va tun” sheʼriy qissasi, H.Sharipovning “Bir savol”, Muhammad Alining “Boqiy dunyo” sheʼriy romanlari sheʼriy yoʻlda bitilgan epik asarlardir. Demak, nasriy yoʻlda yozilganining oʻzi asarni E.ga mansub etmaydi, “nasriy asar” va “epik asar” tushunchalari bitta maʼnoni anglatmaydi. E.da “oʻtmishda boʻlib oʻtgan” voqealar qalamga olinadi, zero zamonda kechib boʻlgan voqealargina hikoya qilinishi mumkin. Hatto olis kelajak qalamga olingan fantastik asarlarda ham muallif boʻlib oʻtgan voqealarni hikoya qiladi, oʻquvchi goʻyo boʻlib oʻtgan voqealar bilan tanishadi. Demak, epik asarda yozuvchi bilan u tasvirlayotgan badiiy voqelik, oʻquvchi bilan u tasavvurida qayta tiklayotgan badiiy voqelik orasida hamisha “men – oʻtmish” tarzidagi vaqt hissi mavjuddir. Agar dramatik asarlarda xarakterlararo konflikt, lirik asarlarda ichki konflikt (asardagi aksi jihatidan) yetakchilik qilsa, E.da konfliktning uchala turi qorishiq holda namoyon boʻla oladi.

E.ni janrlarga ajratish prinsiplari masalasida adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud. Bunda bir qator xususiyatlarni eʼtiborga olish zarur boʻladi. Avvalo, epik asarlar hayotni badiiy qamrov koʻlamiga koʻra farqlanishidan kelib chiqiladi. Mas., epik asar qahramon hayotidan birgina epizodni (hikoya), butun bir etapni (qissa) yoxud qahramon hayotining katta bir davrini (roman) qalamga oladi. Shunga koʻra, adabiyotshunoslikda katta, oʻrta va kichik epik janrlar ajratiladi. Biroq E.ga dramaning kirib kelishi va syujet vaqtining qisqara borishi barobaridadada bu tamoyilning ojizligi ayon boʻlib qolmoqda. Hozirgi adabiyotda qahramon hayotining katta bir davri emas, atigi bir bosqichi qalamga olingan romanlar ham yaratilmoqda (mas., “Kecha va kunduz”, “Ulugʻbek xazinasi”). Tabiiyki, bunday holatda epik asarlarni janrlarga ajratishda ularning boshqa jihatlariga ham eʼtibor qaratish zarur boʻladi. Jumladan, asarda qoʻyilgan muammolar koʻlami janr xususiyatlarini belgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan roman dunyoyu davrni bilish maqsadiga qaratilgan boʻlsa, qissa markazida qahramon xarakteri, hikoyada esa konkret hayotiy voqea turadi. Koʻrinadiki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqei, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon – vosita, dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning oʻzi maqsad (voqea-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqeaning oʻzi maqsad boʻlib qoladi. E.ni janrlarga ajratishda hajm ham mezon boʻlolmaydi. Zero, ayrim hikoya yoki romanlar hajman qissalarga yaqin boʻlishi va aksincha holatlar kuzatilishi mumkin. Biroq odatan hikoya, qissa va romanlar hajmi sanoqdagi tartibga mos tarzda kattarib borishi ham inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir. E. janrlari badiiy shakl xususiyatlari bilan ham farqlanadi. Mas., syujet nuqtai nazaridan olinsa, roman koʻp chiziqli murakkab syujetga egaligi, qissa syujeti, asosan, bosh qahramon tevaragida uyushishi, hikoya syujeti, odatda, bitta yoki bir-biriga uzviy bogʻliq bir necha voqea asosiga qurilishi kuzatiladi.

Hikoya, qissa va roman E.ning asosiy janrlari sanaladi. Shu bilan birga, epik turning asosiy boʻlmagan qator janrlari ham mavjud. Ularni hayotni badiiy qamrash koʻlami jihatidan quyidagi tartibda tasniflash mumkin: a) kichik epik shakllar: latifa, masal, hikoyat, rivoyat, ertak, afsona, badia, etyud, ocherk, esse; b) oʻrta epik shakllar: qissa (povest); v) xalq eposi, epik doston, roman, epopeya.

Mazkur tasnifga ayrim izohlarni kiritib oʻtish zarur. Mas., badia, etyud, ocherk kabilar sof badiiy proza namunasi boʻlmay, badiiy-publitsistik janrlardir. Hozirgi adabiyotda ommalashib borayotgan esse janri, birinchidan, badiiy-publitsistik xarakterga egaligi, ikkinchidan, hajm eʼtibori bilan turlicha koʻrinishlarga (kichik hikoya shaklidan to katta roman shakligacha) egaligi bilan xarakterlanadi. Mas., X.Davronning “Bibixonim qissasi yoxud tugamagan doston”, B.Ahmedovning “Mirzo Ulugʻbek” asarlari mohiyatan esse, biroq ular hajm eʼtibori bilan keskin farqlanadi. Yoki ayrim tadqiqotchilar masalni liro-epik janrga mansub hisoblab, bunda qissadan chiqarilgan hissani lirik ibtido sifatida qabul qiladilar. Holbuki, har qanday masalda voqea (juda qisqa boʻlsa ham) hikoya qilinishi eʼtiborga olinsa, uni epik asar sanash kerak. Aks holda, voqeaband sheʼrlarni ham, chiqarilayotgan xulosa ochiqroq ifodalangan epik asarlarni ham liro-epik turga mansub etishga toʻgʻri kelar edi. Shunga oʻxshash holat: “doston” janri lirikaga ham, E.ga ham taalluqli boʻla oladi, shu sabab “lirik doston”, “epik doston”, “liro-epik doston” singari janr atamalari qoʻllaniladi, bunda konkret dostonni u yoki bu turga mansub etish uchun undagi epik va lirik unsurlar salmogʻi asosga olinadi; 2) tor maʼnosida xalq ogʻzaki ijodidagi sheʼriy yoki nasriy yoʻlda yaratilgan voqeaband asar; xalq E.i, qahramonlik E.i terminlari bilan ham yuritiladi. Garchi qahramonlik E.i va xalq E.i terminlari sinonim sifatida ishlatilsa ham, nazarda tutilayotgan maʼnoga xalq E.i termini muvofiqroq. Chunki bu holda xalq E.i termini qahramonlik E.i, romanik E., tarixiy E., jangnoma va h. janr koʻrinishlarini ham qamrab oladi. Xalq E.i tarkibidagi mazkur janr koʻrinishlarining har biri oʻziga xos spetsifik belgilarga ega. Xalq E. uni yaratgan xalqning qahramonona oʻtmishi, yurt taqdiridagi muhim voqealar, qahramonlarning el-yurti uchun fidokorona kurashi haqida hikoya qiladi, xalq (madaniyati, maishiy turmushi, ijtimoiy-siyosiy hayoti, eʼtiqodi, urf-odatlari va h.) hayotining muayyan davrdagi yaxlit manzarasini tasvirlaydi. Xalq E.ining ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi: “Gilgamesh”, “Iliada” “Odisseya”, “Ramayana”, “Mahabxorat”, “Alpomish”, “Manas” singari E.larning yoshi mingyilliklar bilan oʻlchanadi. Sanalganlar kabi yirik hajmli asarlar bilan bir qatorda, xalq E.i nisbatan kichik hajmli shakllarda (tarixiy qoʻshiq, balladalar, bilina, doston) ham mavjud boʻlib, ular muayyan turkumga birlashadi va bu narsa epik koʻlamdorlikni taʼmin etadi. Mas., “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlari, Ilya Muromets haqidagi bilinalar, Roland haqidagi qoʻshiqlar va h.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish