← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Gʻoya

Gʻoya – badiiy gʻoya, badiiy mazmunning muhim komponenti, asardan kelib chiqadigan obrazli, umumlashma fikr. Asarda tasvirlanayotgan voqea-hodisalarga muallifning gʻoyaviy-hissiy munosabati, obrazlar sistemasi vositasida qoʻyilgan problematikaning badiiy idrok etilishi va baholanishi (q. tendensiya) natijasida namoyon boʻluvchi badiiy hukm. Mazmunning oʻzak komponenti sifatida Gʻ. har qanday asarda mavjud, lekin mazmun-mohiyati, koʻlami, ifodalanish yoʻsini kabi jihatlaridan farqlanadi. Badiiy Gʻ.ning mazmun-mohiyati, yoʻnalishi bevosita ijodkor dunyoqarashi bilan bogʻliq. Zero, ijodkorni voqelikdagi qaysi jihatlar qiziqtirishi, ularga qanday gʻoyaviy-hissiy munosabatda boʻlishini dunyoqarash belgilaydi. Har bir ijodkor dunyoni oʻzicha koʻradi, uni oʻzicha idrok qiladi va oʻzicha baholaydi. Shunga koʻra, ijodkor tomonidan koʻrilgan voqelik real voqelik emas, balki uning ijodkor koʻrolgan va idrok etolgan aksi – individual voqelikdir. Shuning uchun ham voqelikning bir joyda, bir davrda yashab turgan ikki ijodkor ongidagi aksi ayni bir xil boʻlolmaydi. Mas., “Kecha” bilan “Qutlugʻ qon” romanlari mualliflari bir davrda yashagani, bir davrni qalamga olganlari holda, ikkala romanda aks etgan badiiy voqelik bir-biridan tubdan farq qiladi. Sababi, har ikki adibning asarida ham individual borliq – ularning ongida akslangan voqelikning badiiy modeli yaratilgan. Modomiki, voqelikning ijodkor ongida qay tarzda akslanishi uning dunyoqarashiga bogʻliq ekan, badiiy Gʻ. ijodiy niyatdayoq muayyan darajada shakllangan, uning umumiy chizgilari tortilgan boʻladi. Faraz qiling, ikkinchi jahon urushi voqealarini ikki qarama-qarshi tomon vakillari boʻlgan adiblar qalamga oldi. Ulardan biri, mas., Berlinda oʻz jonini xavfga qoʻyib, tank ostidan nemis qizalogʻini qutqargan shoʻro askarini, ikkinchisi esa vujudi intiqom olovida yongan va yovuzlikka yovuzlik bilan javob berishga jazm qilgan shoʻro askarini boʻrttirib tasvirlashi mumkin. Holbuki, urushda unisi ham, bunisi ham sodir boʻlishi mumkinligini inkor qilish nooʻrin. Demak, voqelikning qaysi jihatlarini koʻrish, qaysilarini uning mohiyati sifatida boʻrttirib tasvirlash va ularga qanday gʻoyaviy-hissiy munosabatda boʻlish ijodkor dunyoqarashi bilan bogʻliq ekan. Biroq bu badiiy Gʻ. tom maʼnoda individual hodisa, har bir ijodkor oʻz dunyoqarashidan kelib chiqib istalgan Gʻ.ni ifodalashi mumkin, degani emas. Haqiqiy sanʼatkor qaysi ijtimoiy guruhga mansubligi, qanday ijtimoiy maqsadlarni koʻzlashidan qatʼi nazar, u yaratgan badiiy asarda umuminsoniy qadriyatlar ustuvorlik qilishi shart. Chinakam badiiyat ijodkorning ezgulik, goʻzallik, adolat, insoniylik kabi mangu qadriyatlar tomonida turishini taqozo etadi, umuminsoniy qadriyatlarga zid Gʻ.larni oʻziga singdirgan asar chinakam badiiy qimmatga ega boʻlolmaydi.

Badiiy asar problematikasi, unda tasvirlangan hayot materiali koʻlamidan kelib chiqib Gʻ.ning koʻlami haqida gapirish mumkin. Mas., A.Navoiyning “Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysidagi badiiy Gʻ. bir necha soʻz bilan ifoda etilishi mumkin. Holbuki, voqelik keng koʻlamda tasvirlangan, badiiy idrok uchun davrining dolzarb problemalari bilan birga, qator mangu muammolar qoʻyilgan “Oʻtgan kunlar”dagi badiiy Gʻ. haqida bunday deb boʻlmaydi. Bu oʻrinda asarda qoʻyilgan problemalar talqinidan kelib chiquvchi Gʻ.lar tizimi – badiiy konsepsiya haqida gapirish mumkin. Unutmaslik kerakki, koʻlami yo mazmun-mohiyati badiiy Gʻ.ning qimmati, ahamiyatini belgilovchi mezon emas. Buning asosiy mezonlari, bir tomondan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqlik boʻlsa, ikkinchi tomondan, obrazli tarzda, goʻzal va taʼsirli ifodalanganlikdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish