← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Gʻazal

Gʻazal (ar. غزل – ayollarga xushomad qilish, ayollarni madh etish) – Sharq mumtoz sheʼriyatida eng koʻp tarqalgan lirik janr, 3 – 4 baytdan 19 baytgacha boʻlgan hajmda yozilib, a-a, b-a, v-a, g-a... tarzida qofiyalanuvchi sheʼr. Garchi manbalarda Gʻ. hajmi 19 baytgacha deb koʻrsatilsa ham, adabiyot tarixida 23 baytgacha boʻlgan Gʻ.lar ham uchraydi. Gʻ. VII asr arab sheʼriyatida paydo boʻlgan, fors-tojik adabiyotidagi ilk Gʻ.lar muallifi sifatida “odam ush-shuaro” Abu Abdullo Rudakiy (taxminan 860 – 941) eʼtirof etiladi. Gʻ.ning oʻzbek adabiyotidagi ilk namunalari esa Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Said Ahmadning “Taashshuqnoma” asarlari tarkibida uchraydi. Keyingi davrlarda yashab ijod qilgan deyarli barcha shoirlar ijodida Gʻ. yetakchi janr boʻlib qoldi. Aytish mumkinki, oʻzbek mumtoz adabiyotida mazkur janrda ijod qilmagan shoir deyarli topilmaydi. Jumladan, Sayfi Saroyi, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Huvaydo, Soʻfi Olloyor, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira kabi mumtoz shoirlar oʻzbek adabiyotida Gʻ. janri taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʻshganlar. Adabiyotimizda Gʻ. janri rivojiga qoʻshgan tengsiz hissasi uchun Alisher Navoiy haqli ravishda “gʻazal mulkining sultoni” degan yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan. Yangi davr sheʼriyatida gʻazalchilik anʼanalari Habibiy, Charxiy, Chustiy, E.Vohidov, J.Kamol kabi oʻnlab shoirlarimiz tomonidan muvaffaqiyatli davom ettirildiki, Gʻ.ni hozirgi sheʼriyatda ham nisbatan faol boʻlgan janrlardan sanash uchun yetarli asos bor.

Dastlabki Gʻ.lar, asosan, ishq-muhabbat mavzusida yaratilgan boʻlsa-da, keyincha uning mavzu doirasi muttasil kengayib borgan va pirovardida mavzu jihatidan cheklovlardan butkul forigʻ boʻlgan. Shuning uchun ham Sharq sheʼriyatida Gʻ. mavzusiga koʻra gʻoyat rang-barang boʻlib, bu jihatdan uni oshiqona, orifona, rindona, hajviy, publitsistik, axloqiy-taʼlimiy kabi turlarga boʻlish mumkin. Mumtoz sheʼriyatda juda keng oʻrin tutgani sababli, adabiyotshunoslikda Gʻ.ning bundan boshqa qator koʻrinishlari ham farqlanadi. Jumladan, qofiyalanish tartibi yoki qofiya sanʼatlarining qoʻllanishiga koʻra Gʻ.i husni matlaʼ (a-a, a-a, b-a, v-a...), Gʻ.i qitʼa (b-a, v-a, g-a...); Gʻ.i musajjaʼ (barcha baytlarida ichki qofiya bor), Gʻ.i zebqofiya (a-a, a-a, a-a, a-a...), Gʻ.i zulqofiyatayn (a-a, b-b, v-v, g-g...); biror sheʼr sanʼati asosiga qurilgani yoki yaratilish tarziga koʻra Gʻ.-muvashshah, Gʻ.-chiston, Gʻ.-nazira, Gʻ.-mushoira va b. Gʻ. baytlari, odatda, nisbiy mustaqillikka ega, ayni chogʻda, ular bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻladi. Baytlarning oʻzaro munosabati nuqtai nazaridan ham Gʻ.ning bir qator koʻrinishlari tasniflanadi: yakpora Gʻ. – uning barcha baytlarida bir mavzudan soʻz yuritiladi; parokanda Gʻ.ning baytlarida turli mavzularda soʻz yuritiladi, uning butunligi vazn, qofiya, radif birligi hisobiga taʼminlanadi; musalsal Gʻ.ning baytlari oʻzaro zanjirli bogʻlanish hosil qilib, matlaʼda qoʻyilgan mavzu silsilaviy tarzda rivojlantirib boriladi. Bularning qatoriga keyingi davr adabiyotshunosligi qoʻshgan voqeaband Gʻ.da kechinma biron bir voqeaning moʻʼjaz bayoni orqali ifodalanadi.

Gʻ.ning oʻzaro qofiyalangan misralardan iborat birinchi bayti matlaʼ yoki mabdaʼ (boshlanma, boshlanish), oxirgi bayti esa maqtaʼ (tugallanma, xotima) deb yuritiladi. Mumtoz sheʼriyat anʼanasida Gʻ.ni nomlash, unga sarlavha qoʻyish odat qilinmagan. Shuning uchun adabiyotshunoslikda yoki sheʼrxonlar orasida konkret Gʻ. turlicha, koʻpincha, matlaʼsi (Navoiyning “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi, Koʻzlarimga kecha tong otquncha uyku kelmadi” matlaʼli Gʻ.i), ilk misrasi (Navoiyning “Ey sabo holim borib sarvi xiromonimgʻa ayt” misrasi bilan boshlanuvchi Gʻ.i), radifi (Navoiyning “Topmadim” radifli Gʻ.i), baʼzan esa matlaʼdagi ilk soʻzlar (Navoiyning “Qaro koʻzim” Gʻ.i) bilan nomlanaveradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish