← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Gʻarib

Gʻarib (ar. غريب – chetdan kelgan) – aruz bahrlaridan biri, chetdan yangi qoʻshilgani uchun shunday nomlangan. U yangi degan maʼnoda jadid bahri deb ham nomlanadi. 2 ta foilotun (– v – – / – v – –) va 1 ta mustafʼilun (– – v –) asllarining takroridan hosil boʻladi. Asosan, arab sheʼriyatiga xos boʻlib, oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanmagan. Navoiy “Mezon ul-avzon”da:

Iki ruxsoring erur gul chaman aro,

Araqing yuz uza shabnam suman aro, –

baytini gʻarib (jadid)i musaddasi maxbun vazniga misol sifatida keltirgan. Boburning “Muxtasar”ida Gʻ. bahrining oʻn bir vazni sanalib, ularning har biriga turkiy tilda bitilgan maxsus baytlar misol qilingan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish