← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Oʻzlashtirish

Oʻzlashtirish – adabiy aloqaning koʻrinishlaridan biri, adabiy taʼsirning natijasi; ijodkorning adabiyotda oʻziga qadar mavjud boʻlgan syujet, obraz, gʻoya va sh.k.larni istifoda etishi. Adabiy jarayonda Oʻ. anglangan yo anglanmagan tarzda voqe boʻlishi mumkin. Birinchi holda ijodkor avval yaratilgan asardan Oʻ.ga chogʻlanarkan, salafi bilan ijodiy musobaqaga kirishadi, natijada oʻzlashtirilgan syujet, obraz va sh.k.larning yangicha va oʻziga xos badiiy talqini vujudga keladi. Mas., A.Navoiy ongli ravishda “Nizomiy panjasiga panja urgan”i, hazratning Nizomiy bilan ijodiy musobaqaga kirishish niyati, asarining ustozi yaratgan dostondan qaysi jihatlari bilan farq qilishi “Farhod va Shirin” dostoni debochasida aniq-ravshan ifodalangan. Aytish kerakki, A.Navoiy amal qilgan ijodiy yondashuvgina Oʻ.ning adabiy jarayonda ijobiy hodisa boʻlishini, pirovard natijada badiiy tafakkur rivojiga samarali taʼsir koʻrsatishini taʼminlaydi. Badiiy ijod amaliyotida ancha keng uchraydigan anglanmagan tarzda voqe boʻluvchi Oʻ.ning omillari turlicha boʻlib, asosiylaridan biri sifatida taʼsirlanish koʻrsatilishi mumkin. Ijodkor qachondir oʻqigan asardagi voqea, holat, ifoda va sh.k.lardan kuchli taʼsirlanishi mumkinki, vaqt oʻtib, oʻsha voqea, holat, ifoda va sh.k.larning oʻzi unutilsa-da, taassurot uning ongosti qatlamlarida chuqur iz qoldirgan, bas, u vaqti kelib ijod jarayonida ong osti qatlamlaridan qalqib chiqishi va beixtiyor asarda aks etishi ham mumkin. Shu yoʻsin voqe boʻlgan Oʻ.lar, mas., Navoiy sheʼrlaridagi ohang, ruh, tashbehu tamsillar, lirik holatlar Boburdan tortib hozirgi gʻazalchilikka qadar kuzatilishi mumkin. Mazkur hol, umuman, Oʻ.lar adabiy hodisalarning qaysi zamon va makonga mansubligidan qatʼi nazar, bir-biri bilan dialogik aloqada mavjud ekanini yorqin namoyon etadi.

Oʻ. qamrovi nihoyatda keng tushuncha boʻlib, u turlicha koʻrinish va turli darajada namoyon boʻladi: taqlid (q.), stilizatsiya (q.), parodiya (q.), reminissensiya (q.), parafraza (q.) kabi. Umuman olganda, Oʻ. adabiy jarayonda qonuniyat maqomida mavjud boʻlgan ijobiy hodisa va shu maʼnoda uni koʻr-koʻrona taqliddan, plagiat (q.), epigonlik (q.) kabilardan farqlamoq zarurdir. Shuningdek, Oʻ. bilan milliy adabiyotlar orasidagi tipologik oʻxshashliklarni farqlash kerak. Mas., Yevropa maʼrifatchilik adabiyoti bilan jadid adabiyoti orasida mavzu, gʻoya, obraz, badiiy shakl kabilarda kuzatiluvchi oʻxshashliklar adabiy aloqa va taʼsir (garchi buni toʻla inkor qilib boʻlmasa ham) natijasi deb emas, balki ularni keltirib chiqargan ijtimoiy-tarixiy, madaniy-maʼrifiy omillarning oʻxshashligi bilan izohlanadi. Yoki 80-yillar oʻzbek nasrida boʻy koʻrsatgan “ortiqcha odam”, “kichkina odam” kabi personaj tiplarini ham XIX asr rus adabiyotidan Oʻ. deyish unchalik toʻgʻri emas, chunki davr ijtimoiy voqeligining oʻzida shunday shaxs tiplari boʻlgan va adabiyot ularni aks ettirgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish