← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Oʻxshatish

Oʻxshatish – tasvir obyektini boshqa narsa-hodisaga oʻxshatish orqali yorqin va boʻrttirib tasvirlashga asoslangan badiiy tasvir vositasi boʻlib, bunda oʻxshatilayotgan narsa-hodisalar uchun umumiy belgi-xususiyatlarga tayaniladi. Ayrim adabiyotlarda Oʻ. koʻchimning sodda turi deb ham yuritiladi. Biroq bu unchalik toʻgʻri emas. Chunki Oʻ.da maʼno koʻchishi kuzatilmaydi, unda, maʼno koʻchishining oʻxshatish asosidagi turi boʻlmish metaforadan farqli oʻlaroq, oʻxshatilayotgan narsa ham, oʻxshayotgan narsa ham matnda soʻz bilan ifoda etiladi. Mas., qiyoslang: “Kamondek qoshlari kipriklaridan oʻq otar doim” – “Bagʻrim nishon aylar ikki kamoning”. Ikkala misrada ham qosh kamon (yoy)ga oʻxshatilmoqda, biroq: birinchi misolda oʻxshatilayotgan narsa (qosh) ham, oʻxshayotgan narsa (kamon) ham matnda bor, ikkinchi misolda oʻxshatilayotgan narsa tushirib qoldirilgan va u oʻxshayotgan narsa nomi bilan atalgan. Yaʼni birinchi misol oʻxshatish boʻlsa, ikkinchisi metafora (istiora)dir. Aksariyat hollarda Oʻ. turli grammatik vositalar: -dek (-day) qoʻshimchasi yoki “goʻyo”, “kabi”, “xuddi”, “misli”, “misoli”, “yangligʻ”, “bamisoli” kabi koʻmakchilar vositasida amalga oshadi. Shu bilan birga, Oʻ. grammatik vositalarsiz amalga oshgan hollar ham tez-tez kuzatiladi. Mas.: “Muhabbat – chiroyli kapalak...”, “Umr – qumsoat ham yarimlab qoldi” (Sh.Rahmon). Mumtoz adabiyotshunoslikda Oʻ. tashbeh deb yuritiladi va u sheʼriyatda juda keng qoʻllangani bois, ilmi badiʼda mufassal ishlangan sanʼatlardan sanaladi (q. tashbeh).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish