← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Hazaj

Hazaj (ar. هزج – zamzama qilish, bir xil ovozni takrorlash, ovozni yoqimli qilish, kuylash) – aruz bahrlaridan biri, mafoiylun asli (v – – –) takroridan hosil boʻladi. Bunday nomlanishiga sabab sifatida ayrim manbalarda mafoiylun aslining oxirida vatad (v –)dan keyin ikkita sabab (– –) takrorlanishi, boshqalarida esa ushbu bahrning vaznlari zamzamaga oʻxshashi koʻrsatiladi. H. oʻzbek mumtoz sheʼriyatida eng faol qoʻllangan bahrlardan biri sanaladi. Jumladan, “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga kiritilgan gʻazallarning 669 tasi (taxminan 22 foizi) H.da yozilgan; mumtoz sheʼriyatda keng tarqalgan ruboiylar H. bahrining axrab va ahram shajaralarida bitilishi shart boʻlgan. Shuningdek, H.da qator yirik hajmli dostonlar ham yaratilgan (mas.: A.Navoiy. “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”). Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida H.ning 46 vazni, Boburning “Muxtasar” asarida esa 105 vazni koʻrsatilib, ularning har biriga turkiy va forsiy sheʼriyatdan misollar keltirilgan. Oʻzbek sheʼriyatida H. bahrining, asosan, sakkiz va olti ruknli oʻttizdan ortiq vaznidan keng foydalaniladi. Mas., Navoiyning:

Gʻamidin garchi jon yoʻq erdi tanda,

Tirildim laʼlidin oʻldum deganda, –

v – – – v – – – v – –

matlaʼsi bilan boshlanuvchi gʻazali hazaji musaddasi mahzuf vaznida, Boburning mashhur

Bahor ayyomidur dagʻi yigitlikning avonidur,

Ketur, soqiy, sharobi nobkim, ishrat zamonidur, –

v – – – v – – – v – – – v – – –

matlaʼli gʻazali esa hazaji musammani solim vaznida yozilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish