← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Hasbihol

Hasbihol (ar. حسب حال – oʻz holini bildirish) – sheʼrda muallifning ahvol-ruhiyasi, hayotiga oid maʼlumotlarning aks etishi, avtobiografiklik; mazmuniga koʻra tasniflanuvchi sheʼriy janr. Aslida, har qanday asarga muallif “men”i, koʻrgan-kechirganlari, his-kechinmalari, oʻy-fikrlari, orzu-armonlari u yoki bu darajada singadi. Adabiyotimiz tarixida shunday sheʼrlar borki, ularda shoirning hayoti (hayotidagi muayyan bosqich) oʻzining yorqin ifodasini topadi. Jumladan, Bobur ruboiylarini ayrim manbalarda “hasbihol ruboiylar” tarzida tasniflanadiki, ularning aksariyatida shoirning murakkab va mashaqqatli hayot yoʻli, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, ruhiy olami, kayfiyati kabilar “lirik men”ning iqrori tarzida bayon etiladi. Ruboiylaridan birida Bobur:

Bu olam aro ajab alamlar koʻrdum,

Olam elidin turfa sitamlar koʻrdum.

Har kim bu “Vaqoyeʼ”ni oʻqur – bilgaykim,

Ne ranju ne mehnatu ne gʻamlar koʻrdum, –

deydi. Darhaqiqat, uning koʻplab ruboiylari, ayrim gʻazallari “Boburnoma”dan kelib chiqib tushunilsa, ularning boʻrtiq avtobiografik xarakterda ekanligiga iqror boʻlish mumkin. XVIII asrdan boshlab H. sheʼrlar bitish ommalashgani, alohida janr sifatidagi H., yaʼni masnaviy shaklida avtobiografiyalar yozish anʼanasi shakllana boshlagani kuzatiladi. H. xarakteridagi sheʼrlar (ruboiy, gʻazal va b.) ham, shu janrda yaratilgan H. masnaviylar ham adabiyot tarixchiligi uchun muhim ahamiyatga ega. Jumladan, Komil, Maxmur, Mujrim Obid, Muqimiy, Anbar Otin, Dilshod Barno singari qator shoirlarning H. asarlari ularning hayot yoʻli bilan bogʻliq qimmatli maʼlumotlar beradi. Mas., Komilning “Hasbihol” masnaviysida shoirning notekis hayot yoʻli, xon bilan munosabati, bir forsiy asarni tarjima qilish unga topshirilgani va topshiriqning vaqtida bajarilmagani sabab, xonning barcha inʼom-ehsonlari oʻsha asarni tarjima qilgan shoir Rojiyga nasib qilgani voqeasi bayon etiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish