← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Harf

Harf (ar. حرف – tovushning yozuvdagi shakli, belgi, nishona, qirra) – arab aruzshunosligida eng kichik ritmik boʻlak. H. ikki turli boʻladi: mutaharrik (choʻzgʻili) va sokin (choʻzgʻisiz). Choʻzgʻi deganda, unli tovush tushunilib, “mutaharrik H.” (harakatli) va “sokin H.” (harakatsiz) atamalarining maʼnosi shu bilan bogʻliq anglashiladi. Mas., “koʻz” soʻzi ikkita H.: bir mutaharrik (“koʻ”) va bir sokindan (“z”); “nola” soʻzi ikki mutaharrik H.: “no” va “la”; “vojib” soʻzi esa ikki mutaharrik (“vo”, “ji”) va bir sokin (“b”) H.dan tarkib topadi. Mutaharrik va sokin harflarning muayyan tartibda qoʻshilishidan juzvlar (q.) yuzaga keladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish