← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Hajv

Hajv (ar. هجو – ustidan kulmoq) – biror shaxsni tanqid qilish, ayovsiz qoralash, kamchiliklarini sanab, ayblash maqsadida yaratiluvchi asar, adabiy janr. Avval arab sheʼriyatida keng tarqalgan H.larda raqibni qoralash, sharmanda qilish uchun yolgʻon uydirmalar toʻqish, jismoniy nuqsonlarni yuzga solish, hatto uyatsiz soʻzlarni ishlatish ham odatiy boʻlib, baʼzan H.ning haqorat va tuhmatga aylanib ketish hollari ham uchragan. Mutaxassislar H.ning satiradan farqi sifatida konkret shaxsga qaratilganlikni koʻrsatadilar, yaʼni hajvchining maqsadi ijtimoiy hayotdagi muayyan holatni badiiy umumlashtirib, gʻoyaviy inkor qilish emas. Biroq bu fikrni mutlaqlashtirish ham toʻgʻri boʻlmaydi. Aniqrogʻi, bu H. janrining ilk bosqichlariga xos boʻlib, keyingi davr sheʼriyatida unda satiraga xos xususiyatlar, xususan, ijtimoiy yoʻnaltirilganlik ham koʻzga tashlana boradi. H.ning konkret shaxsga yoʻnaltirilganligi unda subyektivlikning kuchayishiga zamin yaratadi, yaʼni muallifning oʻsha shaxsga munosabati hal qiluvchi ahamiyat kasb etib qolishi mumkin boʻladi. Shu bois ham H.ning qadimgi namunalarida, ayniqsa, arab sheʼriyatida ayovsiz tanqid ortida shoirning shaxsiy manfaatlari turib qolishi koʻp kuzatiladi. Lekin haqiqiy shoirlar H.ga hammavaqt umum manfaatini koʻzlagan holda qoʻl urganlar, tanqid qilinayotgan shaxsda ijobiy xislatlarni shakllantirish, xalqqa foydasi tegadigan insonga aylantirishni maqsad qilganlar. Mas., manbalarda arab shoiri Abul Fath al Bustiy bir H.ida Mahmud Gʻaznaviy otasi kabi xalqqa zulmni oshirib yuborganini aytarkan, “otang qaysar eshakka oʻxshab qolgan edi”, deyishga jurʼat qilgani yoki Somoniy vazirlaridan birortasi Movarounnahr shoirlari H.idan omon qolmagani, mansabdorlarni tanqid qilishda ular eng haqoratli soʻzlarni ishlatishdan ham qoʻrqmaganligi qayd etiladi. Oʻzbek mumtoz sheʼriyatida shohlar yoki mansabdorlarga tanqidiy munosabat bildirilgan oʻrinlar koʻplab uchrasa-da, H. janri XVIII asrdan boshlabgina ommalashdiki, bu ayni shu davrdan sheʼriyatimizda ijtimoiylashuv jarayoni boshlangani bilan izohlanadi. XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asr boshlarida yashagan Mujrim Obid ijodida “ogʻziga har na kelsa deb, oldiga har na kelsa yeb” yuradigan, kambagʻalni turtkilab, boylarga laganbardorlik qiladigan shaxslar tanqid qilingan H.lar uchraydi. Arab sheʼriyatidagi H.larda boʻlgani kabi, oʻzbek H.larida ham aniq bir shaxs obyekt qilib olingan. Mas., Muqimiyning “Hajvi Viktorboy”, “Hajvi Viktor”, “Voqeai Viktor”; Muhyining “Dar mazammati Vektur” H.larida bir qator oʻzbek savdogarlarini chuv tushirgan Qoʻqondagi aka-uka Kamenskiylar savdo idorasining ish boshqaruvchisi Viktor Axmatov obyekt qilib olingan (Muhyi Viktordan koʻra koʻproq unga aldangan laqma oʻzbeklarni tanqid qilishni koʻzlagan). Muqimiy oʻz davrida hajvchi shoir sifatida shuhrat qozongan. Uning 1910 yilda bosilgan toʻplamini “Devoni Muqimiy maa hajviyot” deb nomlashi ham shundan dalolat. Shoirning yuqorida sanalganlardan tashqari, “Toʻyi iqonbachcha”, “Moskovchi boy taʼrifida”, “Saylov”, “Dar shikoyati Laxtin”, “Voqeai koʻr Ashurboy hoji” asarlari ham aniq shaxslar tanqid qilingan H.lardir. Umuman olganda, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida H. sheʼriyatimizdagi eng faol janrlardan biriga aylangan, Muqimiy, Zavqiy, Abdulqodir Savdo (“Bepul” taxallusi bilan), Tavallo (“Magʻzava” taxallusi bilan) kabi shoirlar yozgan H.lar mashhur boʻlgan. Yuqorida aytilganidek, bu H.lar endi oʻzida satiraga xos xususiyatlarni ham mujassam etgan, garchi konkret shaxs obyekt qilib olinsa-da, ular ijtimoiy hayotdagi holatlarni umumlashtirib tanqid qilishga qaratilgandir. Buni Zavqiyning mashhur “Ahli rasta hajvi”da yaqqol koʻrish mumkin. Shoir Zavqiy 1905 – 1906 yillarda 47 baytli “Ahli rasta hajvi”ni yozib, 46 kishini nomma-nom sanab, har birini ayovsiz tanqid qilarkan, umuman “rasta ahli”ga xos kirdikorlarni fosh qilish maqsadini koʻzlaydi. Yaʼni asar, bir tomondan, mumtoz hajvchilik anʼanalarini davom ettirsa, ikkinchi tomondan, zamonaviy satira xususiyatlarini namoyon etadi. Mumtoz H. anʼanalari, mas.,

Shokir qora tarzi odam ermish,

Ming laʼnat oʻshal qora eshakka, –

kabi satrlarda koʻzga tashlanadi. Tabiatan mutoyibaga moyil boʻlgan Zavqiyning sayohatnomasi ham “Obid mingboshi haqida hajv” nomi bilan shuhrat qozongan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish