← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Grotesk

Grotesk (ital. grotta – yer ostidagi uy) – badiiy adabiyot va sanʼatdagi obrazlilikning fantastika, kulgi va mubolagʻaga asoslangan bir turi, uslub, badiiy usul. G.da reallik va xayolot, goʻzallik va xunuklik, fojeaviylik va komiklik kabi bir-biriga zid jihatlar gʻalati, ajabtovur bir tarzda birikib ketadi. Badiiy shartlilikning boshqa turlaridan farqli ravishda, G. hamisha namoyishkorona oshkoraligi bilan ajralib turadi. G. asosida yaratilgan badiiy voqelik nechogʻli gʻayritabiiy, mantiqsiz, ajabtovur boʻlmasin, uning mantiqiy asoslanishi talab qilinmaydi, zero, unda real voqelik emas, ijodkor tasavvuridagi voqelik aks etadi. G. terminining paydo boʻlish tarixi ham qiziq: shogirdlari bilan Rimdagi qazishmalarda ishtirok etgan mashhur rassom Rafael yer osti binolarida turfa bezaklar, odamlar, jonivoru oʻsimliklarning gʻayritabiiy suratlari solingan topilmalarga duch keladi. Shu topilmalardagi oʻziga xos tasvir uslubi keyinchalik G. terminiga asos boʻldi. G. obrazlilikning juda koʻhna turi, arxaik davrlardagi turli gʻayritabiiy maxluqlar (sfinkslar, kentavrlar, ximeralar va b.) tasviri uning ilk namunalaridir. Biroq qadim ajdodlar uchun G. badiiy shartlilik (usul, uslub yoki obrazlilik turi) boʻlmagan, ular bu narsalarni haqiqatda mavjud deb bilishgan. Koʻproq mifologiya taʼsirida G.dan antik ijodkorlar asarlaridayoq badiiy usul sifatida foydalanila boshlangan, biroq uning adabiyot va sanʼat arsenalidagi muhim vositalardan biriga aylanishi oʻrta asrlarga kelib amalga oshdi. Endi G. realistik unsurlar bilan uygʻunlashib, voqelikni idrok qilish, unga munosabatni ifodalashning beqiyos vositasiga aylandi. Uygʻonish davriga kelib karnaval madaniyatiga xos G. adabiyotda ham oʻz aksini topdi, xuddi karnavaldagi kabi G. kulgisi bir paytning oʻzida ham inkor, ham tasdiqdir. Xuddi shu jihatlari bilan F.Rablening “Gargantyua va Pantagryuel” asari “grotesk realizmi”ning mumtoz namunasi boʻlib qoldi. G. imkoniyatlaridan J.Svift, V.Gyugo, Gofman, N.V.Gogol, Saltikov-Shchedrin, M.Bulgakov, F.Kafka singari yirik soʻz sanʼatkorlari unumli foydalanganlar. Oʻzbek adabiyotidagi G.ning yaxshi namunalarini O.Muxtor (“Ming bir qiyofa”), X.Doʻstmuhammad (“Bozor”) asarlarida koʻrish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish