← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Hijo

Hijo (ar. هجا – toʻgʻri oʻqimoq) – turkiy (oʻzbek) aruzda eng kichik ritmik birlik, bir havo zarbi bilan aytiladigan tovushlar guruhi. Turkiy aruzda ritm sheʼr misralarida bir xil miqdordagi, bir xil tartibda guruhlangan qisqa, choʻziq va oʻta choʻziq H.larning takrorlanishi asosida hosil boʻladi. Aruzshunoslikda H.larning sifat jihatidan uchta koʻrinishi farqlanadi: 1) qisqa H. – birgina qisqa unlidan iborat boʻlgan yoki qisqa unli bilan tugaydigan boʻgʻin, uning chizmadagi shartli belgisi: V; 2) choʻziq H. – undosh bilan tugaydigan yopiq yoki choʻziq unli bilan tugaydigan ochiq boʻgʻin, uning chizmadagi shartli belgisi: – ; 3) oʻta choʻziq H. – tarkibida choʻziq unlisi boʻlgan yoki qoʻsh undosh bilan tugaydigan yopiq boʻgʻin. Oʻta choʻziq H.ning chizmadagi belgisi joylashish oʻrniga qarab, ikki xil boʻladi: misra ichida kelsa – V belgisi, misra oxirida kelsa ~ belgisi qoʻyiladi.

Aruzdagi H.ni tilshunoslikdagi boʻgʻin bilan bir xil tushunish toʻgʻri emas, bu ikkisi oʻrtasida sezilarli farq bor. Jumladan, tilshunoslik nuqtai nazaridan qaralsa, oʻzbek tilida unlisiz boʻgʻin boʻlmaydi, yaʼni boʻgʻinlar miqdori soʻzdagi unlilar soni bilan hamisha teng boʻladi. Aruzda esa bir sokin (yaʼni mustaqil undosh) harfning oʻzi mustaqil holda ham, oʻzidan keyin kelayotgan soʻzning birinchi qisqa unlisi yoki birinchi boʻgʻini bilan qoʻshilib ham bir H.ga teng kelishi mumkin. Mas., “sabr qil” jumlasi H.larga ajratilsa, quyidagi koʻrinish hosil boʻladi: “sab-r-qil”, uning chizmasi esa quyidagicha: – V –. Yoki uni “sabr ayla” shakliga keltirib, H.larga ajratsak, “sab-ray-la” koʻrinishi hosil boʻladi, uning chizmasi: – – – shaklini oladi, yaʼni sabr soʻzining oxirgi “r” undoshi keyingi soʻzning birinchi boʻgʻini (“ay”) bilan birga bir H.ga teng. Baʼzan vazn talabiga koʻra, asli qisqa boʻlishi kerak boʻlgan H. choʻziq H.ga yoki, aksincha, choʻziq H. qisqa H.ga aylanishi mumkin. Mas., Nizomiyning:

Men oshiqman goʻzal yuzga yuzi oyga solur gʻavgʻo,

V – – – V – – – V – – – V – – –

Ne yuzdur? Yuzlari dilbar. Ne dilbar? Dilbari zebo, –

V – – – V – – – V – – – V – – –

bayti chizmasidan koʻrinib turibdiki, birinchi misradagi “men” soʻzi tilshunoslik nuqtai nazaridan bitta yopiq boʻgʻin boʻlib, aruz qoidasiga koʻra, choʻziq H. boʻlishi kerak. Biroq vazn talabi bilan aruzdagi vasl (q.) qoidasi asosida undagi “n” tovushi keyingi soʻzning birinchi boʻgʻiniga qoʻshib talaffuz etiladi (me-no-shiq-man) va shu hisobga mafoiylun rukni hosil boʻladi – vazn buzilmaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish