← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Hikoya

Hikoya – epik turning kichik shakli. H., odatda, qahramon hayotidan bitta (baʼzan bir-biriga uzviy bogʻliq, qisqa muddat davomida kechgan bir necha) voqeani qalamga oladi. Tasvirlanayotgan voqealarning qisqa vaqt davomida kechishi H.ning hajman kichik, syujeti sodda, ishtirok etuvchi personajlar soni kam boʻlishini taqozo etadi. Har qanday voqea ham hikoyabop emas. H. asosida yotgan voqeaning yaxlit, tugal boʻlishi talab etiladi, buning uchun u oʻzining boshlanishi va yakuniga ega boʻlishi (masal, latifadagi kabi) lozim. Yaxlit voqeani tasvirlash asnosida hikoyanavis yo shu voqeaning, yo uning vositasida xarakterning mohiyatini ochib beradi. H.ning ikki tipi boʻlib, birinchisida ocherklilik (tavsifiy-rivoyaviy), ikkinchisida novellistiklik (konfliktli-rivoyaviy) xususiyati ustundir. Adabiyotshunoslikda bularning birinchisini H., ikkinchisini novella (q.) deb farqlash amaliyoti ham mavjud.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish