← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Hojib

Hojib (ar. حاجب – parda, yopuvchi, berkituvchi) – bayt misralaridagi qofiyadan oldin soʻz yoki soʻz birikmasini aynan takrorlash. Takrorlanayotgan soʻz yoki soʻz birikmasi qofiyadan oldin joylashib, uni pardalab turgandek boʻlgani uchun shunday nomlanadi. H., koʻproq, gʻazal yoki qasidaning matlaʼsida yoxud masnaviy shaklida qofiyalangan baytlarda qoʻllanadi. Mas., Xoʻjandiyning “Latofatnoma” asaridagi quyidagi baytda “etti” soʻzi H. hisoblanadi:

Koʻngul mulkin xarob etti firoqing,

Qamugʻ olamni sayd etti qaroqing.

Baytda radif (q.) ham H. ham qoʻllansa, uning ohangdorligi yana-da oshadi. Mas., Xorazmiyning “Muhabbatnoma”sidagi quyidagi baytda “hur – nur” qofiyalaridan oldin takrorlanayotgan “ming” soʻzi H, keyin takrorlanayotgan “yetmas” soʻzi radifdir:

Soching bir torina ming hur yetmas,

Yuzungnung nurina ming nur yetmas.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish