← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Husni maqtaʼ

Husni maqtaʼ (ar. حسن مقطع – chiroyli yakunlash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼr yoki boshqa asarni tinglovchiga xush keladigan yoqimli soʻzlar, ezgu niyatlar izhori yoki duolar bilan yakunlash; husn-i intiho, husni xotima, baroati maqtaʼ deb ham yuritiladi. Manbalarda H.m.dan koʻzlanuvchi maqsadlar yoritiladiki, ular mumtoz shoirlarimiz asarning oʻqilish jarayoni, oʻquvchi psixologiyasini hamisha eʼtiborda tutganlarini koʻrsatadi. Jumladan, H.m., avvalo, sheʼrning oʻquvchi xotirasida muhrlanib qolishiga, ikkinchidan, sheʼrda yoʻl qoʻyilgan sahvu xatolarni xush kalom bilan yuvib yuborishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham Atoulloh Husayniy H.m.ni “taomlarning oxirinda yeyilgan lazizu shirin taom”ga oʻxshatadi. Shuningdek, manbalarda asarning tugallanganiga ishora qilish ham H.m.ning badiiy-estetik funksiyalaridan biri sifatida koʻrsatiladi. Mas., Sayid Ahmadning “Taashshuqnoma” asari shunday misralar bilan tugaydi:

Bilursen barchaning holini, ey shoh,

Inoyat chogʻidur vallohu billoh.

“Taashshuqnoma”ni himmat boʻlub yor,

Tugattim yetti kunda bemadadkor.

Sekiz yuz oʻttizu toʻqqizda erdi,

Ki soʻz poyona eltmak dast berdi,

Soʻzumni kim oʻqib qilsa duoyi,

Ilohi koʻrmasun hargiz baloyi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish