← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Husni matlab

Husni matlab (ar. حسن مطلب – maqsadni chiroyli bayon qilish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, ilmi badiʼga oid manbalarda husni talab, baroati talab, husni suol kabi nomlar bilan ham ataladi. H.m.ning mohiyati shundan iboratki, shoir shoh yoki maʼshuqadan oʻzi uchun biror narsa talab qiladi, biroq bu talab nozik lutf, nafis va yoqimli soʻzlar yordamida bayon etiladi. Maʼlumki, aksar mumtoz shoirlarimiz shohlaru yirik amaldor, boyu boyonlar homiyligida ijod qilganlar, ularning xizmatlarida boʻlganlar. Shu bois ham, tabiiyki, bot-bot oʻzlari yoki xalqning moddiy yo boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun homiylardan nimadir soʻrashlariga toʻgʻri kelgan. Biroq soʻrashda ham soʻrash bor: taʼma ilinjini yashirmay soʻrash ham, valineʼmatni iydirish maqsadida hamdu sano oʻqish ham, hech bir andishasiz talab qilish ham, oʻz insonlik shaʼnini yerga urmay soʻrash ham mumkin. Mas., “Muhabbatnoma”da homiysi Muhammadxoʻjabekni “Masih anfosliq”, “Yusuf liqo”, “Saxovatidan bazm ichra Hotam uyaladigan” deya taʼriflagach, Xorazmiy oʻz talabini ochiq bayon etadi:

Ayitsun banda Xorazmiy duolar,

Karamdin har zamon qilgʻil atolar.

Mazkur bayt bilan Ogahiyning:

Ey shah, karam aylar chogʻi teng tut yamonu yaxshini,

Kim mehr nuri teng tomur vayronu obod ustina, –

bayti mazmunan bir-biriga yaqin, ikkisida ham soʻrov bor. Faqat Ogahiyning talabi nazokat bilan, sanʼat darajasida ifoda etilgan. Ogahiyning shohga taʼrifi Xorazmiy madhidan kam emas: u “shoh bamisoli quyosh” tarzidagi qiyosni oʻtkazadi, quyoshning nuri barchaga baravar tushishini eslatib, oʻzini shohona saxovatdan bebahra qoʻymaslikni soʻraydi. Talab sanʼatkorona ifodalangani uchun ham shoir oddiygina maddoh yo taʼmagir boʻlib suratlanmaydi, balki tasavvurimizda sharqona andisha egasi va xokisor bir kishi, insonlik shaʼnini yuksak tutgan zot sifatida gavdalanadi.

Ishqiy mavzudagi sheʼrlarda ham H.m. koʻplab uchraydi. Ularda maʼshuqaga xitob etayotgan oshiq dilidagi visol talabi nazokat bilan, turli soʻz oʻyinlari va hayotiy tamsillar orqali shunday ifoda etiladiki, bundayin latif izhor oʻquvchini beixtiyor hayratga soladi. Mas., Navoiyning:

Sadaqa, chunki balolarni rad aylagay, yo rab,

Jon anga sadqa qilay, manga bagʻishla oni, –

baytida oshiq oʻz jonini maʼshuqiga sadqa qilishga tayyorligiyu uni (yorni) oʻziga bagʻishlashini Ollohdan oʻziga xos tarzda chiroyli yoʻl bilan soʻramoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish