← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Husni matlaʼ

Husni matlaʼ (ar. حسن مطلع – matlaʼning bezagi, husni) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, ilmi badiʼga oid manbalarda husni ibtido deb ham yuritiladi. H.m. sanʼati gʻazal yoki qasidani oʻquvchi diqqatini beixtiyor oʻziga jalb etadigan, unda sheʼrning davomini oʻqishga ragʻbat, qiziqish paydo qiladigan tarzda boshlashni taqozo etadi. Yaʼni bunday matlaʼ imkon qadar yoqimli, chiroyli soʻzlardan tarkib topishi, ular vositasida yaratilgan goʻzal poetik obraz shunga yarasha chuqur mazmunni ifodalashi kerak. Xullas, sheʼrning boshlanishiyoq oʻquvchini hayratga solishi, zavqlantirishi lozim. Shuning uchun ham H.m. sheʼr boshlanishida oʻquvchi taʼbini xira qiladigan, kayfiyatiga salbiy taʼsir oʻtkazadigan soʻzlar ishlatilmasligini, fikrni ortiqcha dabdabali, jimjimador yoki sayoz va mantiqsiz soʻzlar bilan ifodalamaslikni, yaʼni lafz va maʼni orasida uygʻun muvofiqlik boʻlishini talab qiladi. Mumtoz shoirlarimiz sheʼrni H.m. talablariga mos tarzda yaratishga jiddiy eʼtibor qaratganlar, zero, matlaʼ gʻazalning ilk taqdimoti ekani, asarga munosabat ilk misralar qoldirgan taassurot asosiga qurilishini yaxshi bilganlar. Buning yorqin dalili sifatida Rashididdin Votvot “Hadoyiq us-sehr” asarida keltirgan bir hikoyat mazmunini eslash kifoya. Unda aytilishicha, bir shoir qasida bitib, shoh huzuriga keltiribdi. Shoir qasidani oʻqiy boshlaganida, shoh matlaʼni eshitiboq: “Qasidaning qolganini oʻqishdan toʻxta!” – deb xitob qilibdi va xizmatkoriga ming dinor keltirib, shoirga berishni amr qilibdi. Oʻzi esa shoir isteʼdodiga tahsinlar aytib: “Agar qasidaning qolgan baytlari ham matlaʼ kabi boʻlsa, uning har bir bayti bahosi ming dinor. Mening xazinamda esa buncha mablagʻ yoʻq”, – degan ekan. Sheʼr ibtidosiga bu qadar katta eʼtibor bergan mumtoz shoirlarimiz ijodda yuqorida mazkur talablarga rioya qilganlar, shu bois ham ularning aksar gʻazallari matlaʼsi bilan nomlanadi, eslanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish