← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Husni taʼlil

Husni taʼlil (ar. تعليل حسن – chiroyli dalillash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, chiroyli dalillash. H.t.da shoir oʻzi aytayotgan fikr (tasvir, holat va sh.k.) dalili uchun shunday asos keltiradiki, aslida, u haqiqiy dalil boʻlolmaydi, u faqat badiiy jihatdangina dalil sifatida qabul qilinadi. Mas., Lutfiyning:

Yuzingdin lola rang eltib, uyolib shahrga kirmas,

Aning boʻynin kishi bogʻlab keturmagʻuncha sahrodin, –

baytida aytilishicha, lola rangini yordan oʻgʻirlagan, shu sababli uyalib, shaharga kirolmaydi. Yaʼni lola haqiqatan choʻlda, kengliklarda oʻsadi, buning sababi yuqoridagicha chiroyli tarzda badiiy dalillanadi, aslida esa bu haqiqiy sabab emas. Lutfiyning boshqa bir baytida aytilishicha:

Kun tushta koʻrgali seni tushti zavolgʻa,

Oy tonggʻa qoldi kecha boqib ul jamolga, –

quyoshning botish sababi shuki, u yorni tush koʻrish uchun uyquga ketadi; oy tong otgach ham botmadi, sababi yor yuzini uzoqroq koʻrib olmoqchi yoxud yor goʻzalligiga mahliyo boʻlganidan qotib qolgan. Albatta, ushbu tabiiy jarayonlarning haqiqiy sababi butkul boshqa, shoir keltirgan dalillar esa yor goʻzalligi vasfiga xizmat qiluvchi badiiy vosita, xolos. H.t. sanʼati tashbeh asosida yuzaga chiqadi, aksar hollarda tajohuli orif, tamsil, mubolagʻa kabi sanʼatlar bilan qorishiq holda voqe boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish