← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ideal

Ideal, estetik ideal (yun. idea soʻzidan fr. ideal – tasavvur, tushuncha) – estetika, jumladan, adabiyotshunoslikning muhim ilmiy kategoriyalaridan biri, goʻzallik, estetik mukammallikning yuksak darajasi haqidagi his etiladigan konkret-timsoliy shaklda aks etuvchi tasavvurlar jami. Jamiyatda yashayotgan har bir inson ongida mukammal jamiyat, mukammal ijtimoiy munosabatlar, mukammal inson haqidagi tasavvurlar mavjud boʻlib, bularning bari I.ni tashkil qiladi va uning voqelikka munosabatini belgilaydi. Umuman olganda, estetik I. ham shuning bir qirrasi, konkret-timsoliy shaklda voqe boʻluvchi goʻzallik tasavvuridir. Haqiqatda I.ning qirralari butunning qismi boʻlib, ularni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Shuning uchun ham mutaxassislar I.ning serqirraligini, uning mohiyati: ong sohasida – haqiqat, axloq sohasida – ezgulik, estetika sohasida – goʻzallikdan iborat ekanligini taʼkidlaydilar. Albatta, bu qirralarning har biri oʻzining muayyan meyorlariga ega boʻlib, ular davr oʻtishi bilan oʻzgarib, konkretlashib boradi. Mas., tasavvuf adabiyotining I.iga koʻra, haqiqat – Haq, Alloh; ezgulik – Haqning buyurganini qilish va u qaytarganni qilmaslik; goʻzallik – shu ikkisiga muvofiqlikda, nimaiki bularga muvofiq emas, u goʻzallikdan ayro tushadi. Insonning ijtimoiylashuvi bilan bogʻliq holda I. ham hayotga yaqinlashadi, u ijtimoiy-siyosiy mundarija kasb etadi. Mas., jadid adabiyotining I.ga koʻra, haqiqat – millat taraqqiysi (erkin va adolatli jamiyat, maʼrifat, munosib milliy turmush, milliy ozodlik va b.); ezgulik – millat taraqqiysiga xizmat qiluvchi amal; goʻzallik – shu ikkisiga muvofiqlik. Davr bilan bogʻliq oʻzgargani holda, I.ni zamonga butkul bogʻlab qoʻyish xato boʻlur edi. Negaki, I. ijtimoiy xarakterga ega, u juda qadim zamonlardan shakllanib, toʻlishib, konkretlashib keladi va, ayni chogʻda, u mohiyatan hamisha kelajakda boʻlib, bu hol uni vaqt hukmidan xoli etadi. Xuddi shu narsa sanʼat asarining boqiyligini taʼminlovchi asosiy omildir, chunki sanʼat olam va odamni I. asosida aks ettiradi, I. asosida baholaydi. Yaʼni ijod onlaridagi sanʼatkor I. olamida yashaydi, voqelikni uning nuri bilan yoritadi. Zero, faqat shundagina ijodkor shaxs tom maʼnodagi maʼnaviy-ruhiy butunlikka ega boʻladi. Maʼnaviy-ruhiy butunlik esa shaxs intilgan I.ning mavjudligi va uning hayotiy prinsiplari oʻsha I.dan kelib chiqishi demakdir. Shunga koʻra, butunlik muayyan xususiyatlarni oʻzida jam etgan insonning turgʻun holati emas, balki uzluksiz va adoqsiz bir jarayondir. Negaki, reallik bilan toʻqnashuv har vaqt shaxsning maʼnaviy-ruhiy butunligi – mohiyati va mavjudligi orasida ziddiyatlar keltirib chiqaraveradi. Mana shu ziddiyatlarni I.dan ruh olgan holda bartaraf etish orqali mavjudligini mohiyatiga muvofiqlashtirib borish, shu asno qadam-baqadam I.ga yaqinlashib, yangi-yangi maʼnolarni kashf etish va ularni oʻz hayotiga, jamiyat hayotiga tatbiq etib borish – ijodning bosh shartidir. Bu jihatdan tom maʼnodagi ijodkor HAQ yoʻliga kirgan soʻfiyga monand: soʻfiy HAQqa yaqinlashgani sari mavjudlikning mohiyatini teranroq idrok qilganidek, ijodkor I.ga yaqinlashgani sari hayotning, insonning mohiyatini teranroq ilgʻaydi. Soʻfiylik yoʻlining ibtidosi ham, intihosi ham HAQ boʻlganidek, ijodkor faoliyatining motivi (sabab) ham, maqsadi (natija) ham I.dir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish