← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Idilliya

Idilliya (yun. eidyllion – kichik manzara, uncha katta boʻlmagan asar) – shakliy tuzilishga koʻra turlicha, mazmun xususiyatlariga koʻra tasniflanuvchi poetik janr. I. dastlab qadimgi Yunonistonda choʻpon qoʻshigʻi sifatida yuzaga kelgan. Antik yunon shoiri Feokritning aksar asarlari I. deb atalgan. Shaklan turlicha boʻlgan Feokrit I.lari mazmun jihatidan umumiylikka ega: ularni insonning kundalik hayoti, intim tuygʻulari, tabiatga qiziqish birlashtirib turadi, shoir eʼtibori koʻproq kishilarning gʻam-tashvishdan xoli, osoyishta hayotiga qaratiladi. I.da tabiatdagi uygʻunlik va goʻzallik mutlaqlashtiriladi, ularga daxlsiz va oʻzgarmas hodisalar sifatida qaraladi. I. janr sifatida, ayniqsa, XVII – XVIII asrlarda Yevropa, XVIII asr oʻrtalarida esa rus sheʼriyatida keng ommalashdi va rivojlandiki, bu koʻp jihatdan sentimentalistlarning “tabiiy inson” gʻoyasi bilan bogʻliqdir. Koʻchma maʼnoda I. tinchlik holati, ichki va tashqi uygʻunlik, osoyishtalik va xotirjamlikni ifodalaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish