← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Idilliyaviylik

Idilliyaviylik (ruschadan kalka “idillicheskoye”) – badiiylik modusi. I. modus sifatida elegiya, dramatizm bilan birgalikda qahramonlik, satira va tragizmdan farqlanadigan guruhni tashkil etadi. Yaʼni I.da dunyo mutlaq tartibot sifatida emas, balki shaxs bevosita munosabatda boʻladigan borliq (yaʼni konkret inson harakatlanayotgan muhit) sifatida idrok etiladi. Idilliyaviy “men” oʻzini tashqi olam bilan birlikda his qilishi nuqtai nazaridan qahramonlikka (q.) yaqin, biroq undan farqli ravishda, I.da kishilik jamiyati, mamlakat taqdiri bilan bogʻliq muammo qoʻyilmaydi. Idilliyaviy “men” oʻzi bevosita munosabatda boʻlayotgan muhit qadriyatlarini soʻzsiz qabul qiladi va oʻzligini ularga ogʻishmay amal qilish, muhit bilan birlashib, uygʻunlashib ketish orqali namoyon etadi. Idilliyaviy qahramon butun olam tartiboti oldidagi emas, oʻzgalar (va ular tashiyotgan anʼana, qadriyatlar) oldidagi masʼuliyat hissi bilan yashaydi (mas., T.Murod. “Yulduzlar mangu yonadi”). Shuning uchun idilliyaviy modus qahramoni, koʻpincha, maishiy turmush doirasidagina harakatlanadi. U oʻzini borliqning ajralmas qismi sifatida idrok etadi, oʻzini qurshagan muhit (tabiat, maishiy turmush) stixiyasiga beriladi. Idilliyaviy modusga xos asosiy xronotop – ajdodlar bilan avlodlarni birlashtirib turuvchi “qadrdon uy”, “qadrdon goʻsha”. Avlodlar oʻrtasidagi vorisiylik, inson hayotining avlodlarda davom etishi – idilliyaviy qahramon mavjudligining asosi, uning uchun hayotning mazmun-mohiyati shunda. Ayni shunday qarash idilliyaviy qahramonga oʻlimning muqarrarligidan keluvchi iztirob va tushkunlikni yengishga kuch beradi, I.ni elegiyaviylikdan farqlaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish