← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ijodiy niyat

Ijodiy niyat, muallif niyati – badiiy ijod jarayonidagi ilk bosqich. I.n. sanʼatkorning voqelik bilan munosabati, voqelikni OʻZICHA (oʻzining estetik ideali, dunyoqarashi, sajiyasi, madaniy-maʼrifiy darajasi, hayotiy va ijodiy tajribasi, tugʻma isteʼdodi quvvati asosida) qabul qilishi va idrok etishi natijasi oʻlaroq yuzaga keladi. I.n.da yaratilajak asarning asosiy chizgilari, biroz xiraroq tarzda boʻlsa-da, koʻzga tashlanib turadi, boshqacha aytsak, I.n. asarning sanʼatkor ongidagi xomaki eskizidir. Badiiy ijod jarayonining oʻziga xosligi shundaki, sanʼatkor I.n.dayoq oʻquvchiga muayyan taʼsir qilishni koʻzda tutadi, yaʼni maqsad ijroga taʼsir qiladi, niyat va ijro birlashadi. Zero, sanʼatkorning estetik ideali bilan mavjud voqelik orasidagi nomuvofiqlik badiiy ijodga undovchi motiv boʻlsa, idealga yaqinlashish uning maqsadidir. Demak, I.n. bilan uning ijrosi, ijod motivi bilan maqsadining birligi badiiy ijod jarayonini yaxlit, butun hodisaga aylantiradi. Shunga koʻra, ijod – I.n.ni amalga oshirish, sanʼatkorning oʻy-fikrlari, bahosi, badiiy konsepsiyasini badiiy obrazlar tizimi vositasida moddiylashtirish jarayoni demakdir. Albatta, I.n. turgʻun tushuncha emas, yaʼni u ijod jarayonining boshida paydo boʻlganicha qolmaydi, aksincha, bevosita ijod jarayonida sayqallanib, konkretlashib boradi, muayyan oʻzgarishlarga uchraydi. Yana bir tomoni, I.n. turli darajada amalga oshadi va bu tabiiy ham. Chunki I.n.ning qay darajada amalga oshishi qator omillar (muallifning ijodiy tajribasi, badiiy mahorati, konkret davr sharoiti va sh.k.) bilan bogʻliqdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish