← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ijroviy lirika

Ijroviy lirika (ruschadan kalka: “rolevaya lirika”) – lirikaning subyektiv shakllantirilishiga koʻra farqlanuvchi koʻrinishlaridan biri, lirik kechinma oʻzga shaxs tilidan ifoda etiluvchi sheʼr. Yaʼni bunda shoir goʻyo oʻzga shaxsga evriladi, uning “roli”ni ijro qiladi, natijada I.l. qahramoni lirik kechinmaning yagona subyekti boʻlib qoladi. I.l.ning ildizlari kurtak holida xalq ogʻzaki ijodida (mas., kelin tilidan, yetim tilidan, hoʻkiz tilidan), mumtoz sheʼriyatimizda kuzatilsa-da, uning keng ommalashishi XX asrga toʻgʻri keladi. Jumladan, Choʻlponning “Men va boshqalar” sheʼri I.l.ning yangi oʻzbek sheʼriyatidagi ilk va sara namunalaridan biri sifatida koʻrsatilishi mumkin. Oʻtgan asrning 20 – 30-yillarida keng tarqalgan “Qoʻshchi qoʻshigʻi”, “Kolxozchi qiz qoʻshigʻi”, “Suvchi qoʻshigʻi” tarzida yaratilgan sheʼrlarning aksariyati I.l.ga mansub etilishi mumkin. Sheʼrning bu koʻrinishi 60-yillardan boshlab, ayniqsa, keng tarqaldi: “Hamza” (A.Oripov), “Abdulla Nabiyev” (E.Vohidov). 70 – 80-yillar sheʼriyatida yanada faollashgan I.l.ning asosiy qahramonlari tarixiy shaxslar boʻlib qoldi: mavjudlikning mangu muammolari, millat va yurt taqdiri masalalari, jamiyatning joriy holati ularning koʻzi bilan koʻrildi va baholandi. X.Davronning “Toʻmarisning koʻzlari” sheʼriy toʻplami, U.Azimning “Tushlaringizga kiradigan koʻzlar” turkumi aksar shunday sheʼrlardan tarkib topgan boʻlib, ular milliy oʻzlikni anglash jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish