← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ilhom

Ilhom (ar. الهام – yedirmoq, ruhlantirmoq) – sanʼatkor ruhiyatida yuzaga keluvchi ijodiy-ruhiy holat, ijodiy faoliyatning yuksak zavq bilan, koʻngilli va yengil kechishini taʼmin etuvchi koʻtarinki ishchan kayfiyat. Ijodkor kishilarda kuzatiluvchi mazkur holat odamlarga qadimdayoq maʼlum boʻlganki, uni turlicha izohlashga harakat qilganlar. Jumladan, qadimgi yunonlar I. muzalar – ayol qiyofasidagi ilohiy mavjudotlar tomonidan beriladi deb hisoblaganlar, Sharqda ham I.ni gʻaybdan deyishga moyillik kuchli boʻlgan: hozirda ham tez-tez tilga olinadigan “ilhom parisi” qabilidagi gaplar shuning izlaridir. Albatta, I. onlarini, uning yuzaga kelishini mantiqiy izchillikda tushuntirib berish qiyin. Biroq shunisi aniqqi, I. ijodiy qobiliyatga ega shaxsning ijodiy-ruhiy faoliyatidagi muayyan bir bosqich boʻlib, ushbu onlarda bunga qadar pishib-yetilib kelgan jarayon tezlashadi; ijodkorning umumiy ruhiy quvvati ortadi: aqliy va hissiy mushohada tezligi oshadi, xotira maksimal jonlanadi, narsa-hodisalar orasidagi assotsiativ aloqalarni ilgʻay olish qobiliyati, nigoh oʻtkirligi, taʼsirchanlik kuchayadi, ijodiy tasavvur koʻlami kengayadi. Ayni shu damlarda ijodiy jarayon koʻngilli, oson va mahsuldor kechadi – asar goʻyo “quyulib” keladi. Demak, I.ni gʻaybdan kelgan narsa sifatidagina emas, balki sanʼatkor ongiyu qalbida kechgan ijodiy-ruhiy jarayonning eng yuksak nuqtasi, tugʻma imkoniyatlari oʻta kuchaygan, bir nuqtaga yigʻilgan holda estetik obyektga yoʻnalgan palla sifatida ham tushunish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish