← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ilmi aruz

Ilmi aruz (ar. علم العروض – aruz ilmi) – mumtoz adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi, aruz sheʼr tizimining oʻziga xos qonuniyatlarini oʻrganuvchi soha, aruzshunoslik. I.a.ning asoschisi sifatida IX asrda yashagan arab olimi Halil ibn Ahmad eʼtirof etiladi. Arab adabiyoti zaminida paydo boʻlgan aruz sheʼr tizimi oʻtgan asrlar davomida maxsus oʻrganilib, alohida ilm sifatida takomillashib bordi, aruz nazariyasiga doir koʻplab tadqiqotlar yaratildi. Halil ibn Ahmaddan keyin arab aruzshunosligida Ibn Usmon Maziniy, Imom Ahmad ibn Abdurabbih, Ibn al-Xatib at-Tabriziy; fors aruzshunosligida Mavlono Yusuf Nishoburiy, Rashididdin Votvot, Shams Qays, Nosiriddin Tusiy, Salmon Savojiy, Abdurahmon Jomiy; turkiy aruzshunoslikda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shayx Ahmad Xudoydod Taroziy kabi olimlar yaratgan asarlar I.a.ning rivojiga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan. Bundan tashqari, Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Abul Qosim Zamahshariy, Abu Yaʼqub Yusuf ibn Abubakr Sakkokiy kabi allomalarning boshqa masalalarga bagʻishlangan risolalarida ham aruzga oid qimmatli fikr-mulohazalar bildirilganki, I.a. rivojida ularning ham sezilarli ulushi borligi eʼtirof etiladi. Hozirgi oʻzbek adabiyotshunosligida ham aruz masalalari atroflicha tadqiq etilgan: oʻtgan asrning 20-yillarida Fitrat boshlab bergan aruzshunoslik bobidagi izlanishlarni keyinchalik S.Mirzayev, A.Rustamov, U.Toʻychiyev, S.Hasanov, A.Hojiahmedov, A.Aʼzamov kabi koʻplab olimlar muvaffaqiyatli davom ettirdilar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish