← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ilmi badiʼ

Ilmi badiʼ (ar. علم البديع – chiroyli soʻzlash, goʻzal, nafis, nodir, ajoyib; badiiyat ilmi) – mumtoz adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi, nutqqa bezak beruvchi sanʼatlar, ularning oʻziga xos jihatlari, tasniflanishi, asar badiiyatini belgilash, estetik funksiyasini oshirish, fikrni goʻzal va mazmunli ifodalashdagi oʻrni kabi masalalarni oʻrganuvchi soha. I.b.ning oʻrganish obyekti boʻlgan nutqni goʻzal qiluvchi badiiy usul va vositalar umumiy nom bilan sanoyiʼ (q.) deb yuritiladi. Atoulloh Husayniy nutqni goʻzal qiluvchi vositalarni ikki turga – zotiy goʻzalliklar va oriziy goʻzalliklarga boʻladi. Zotiy goʻzalliklar deganda, nutqning tabiiy goʻzalligi tushunilib, Atoulloh Husayniy taʼrifiga koʻra, ular “dilbarlarning tabiiy husni yangligʻdir”. Yaʼni bunda nutqqa atayin bezak berilmaydi, nutqni bezash uchun ishlatilayotgan vositalar (soʻz, ibora, tasviriy ifoda va sh.k.)dan tabiiy holicha foydalaniladi. Ulardan farqli oʻlaroq, oriziy goʻzalliklar nutqni bezash uchun atayin hosil qilinadi. Atoulloh Husayniy nutq goʻzalliklarining birinchi turi ilmi balogʻaning, ikkinchi turi esa ilmi badiʼning obyekti ekanligini taʼkidlaydi. Shuningdek, lirik janrlarning oʻziga xos jihatlarini tadqiq qilish ham I.b.ning vazifasi hisoblangan. Shuni ham aytish kerakki, I.b.ga oid risolalarda obyekt doim ham qatʼiy cheklab olinmaydi: ularda, koʻpincha, ilmi balogʻa, ilmi qofiya, ilmi aruz masalalari ham yoritilaveradi (mas., A.Husayniy. “Badoyi us-sanoyiʼ”).

I.b.ga oid dastlabki asarlar arab tilida yaratilgan boʻlib, ular sirasiga IX – X asrlarga mansub Nasr binni Hasanning “Mahosin ul-kalom”, Ibn Moʻʼtazning “Kitob ul-badeʼ”, Qudama ibn Jaʼfarning “Naqd ush-sheʼr” kabi risolalari kiradi. Keyinroq, XI asrdan boshlab, fors tilida I.b.ga oid qator asarlar yaratildiki, uning keyingi rivoji fors adabiyoti bilan bogʻliq holda kechdi. Jumladan, Umar Roduyoniyning “Tarjimon ul-balogʻa”, Rashididdin Votvotning “Hadoyiq us-sehr”, Qays Roziyning “Al-moʻʼjam”, Atoulloh Husayniyning “Badoyi us-sanoyiʼ”, Vohid Tabriziyning “Jamʼi muxtasar” kabi asarlari I.b. rivojida muhim oʻrin tutgan moʻʼtabar manbalar sanaladi. Turkiy tildagi I.b.ga oid ilk asar sifatida Shayx Ahmad Xudoydod Taroziyning XV asrda yaratilgan “Funun ul-balogʻa” risolasi eʼtirof etiladi. XX asrdan boshlab oʻzbek adabiyotshunosligida I.b.ga oid masalalar keng koʻlamda, tarixiy-nazariy aspektda atroflicha tadqiq qilina boshladi. Oʻtgan asrning 20-yillarida Fitrat, A.Saʼdiy kabi adabiyotshunoslarning bu borada boshlagan ishlari A.Hayitmetov, A.Rustamov, Yo.Ishoqov, B.Sarimsoqov, V.Rahmonov, A.Hojiahmedov kabi koʻplab olimlar tomonidan davom ettirildi va sezilarli yutuqlarga erishildi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish