← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ilmi qofiya

Ilmi qofiya (ar. علم القافيه – qofiya ilmi) – mumtoz adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi, qofiya va uning turlari, tuzilishi, uning badiiy sanʼatlar va vazn bilan munosabati, sheʼrning ohangdorligida qofiyaning tutgan oʻrni kabi masalalarni tadqiq etuvchi soha. Sharq adabiyotshunosligida I.q.ga oid maxsus risolalar (mas., Abulhasan Ali Saraxsiy Bahromiy. “Kanz ul-qofiya”; Abdurahmon Jomiy. “Risolai qofiya”; Atoulloh Husayniy. “Qofiya ilmi qoidalari haqida risola” va b.) yaratish bilan birga, ilmi badiʼga oid risolalarning aksariyatida ham I.q. masalalarini yoritish uchun alohida boblar ajratilgan. Mas., Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balogʻa” asari uch bobdan iborat: “ahli tabʼga qofiya ilmin bilmak muhimdir” deb bilgan muallif risolaning “Al-fannu-s soniy fi qofiya va-r-radif” (Ikkinchi fan qofiya va radif xususida) nomli ikkinchi bobida I.q. masalalaridan bahs yuritadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish