← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Iltifot

Iltifot (ar. الطفات – alanglamoq, bir holatdan ikkinchi holatga oʻtmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytda bir shaxsdan boshqa bir shaxsga koʻchish, yaʼni I shaxsdan II yoki III shaxsga, II shaxsdan I yoki III shaxsga, III shaxsdan I yoki II shaxsga koʻrinishda koʻchish. Shayx Ahmad Xudoydod Taroziy I.ni “muxotabadin mugʻoyibagʻa bormoq yo gʻaybdin xitobqa kelmoq”, deb taʼriflagan. Yaʼni xitob qilinuvchi (II shaxs)dan nutq soʻzlanib turgan vaziyatda mavjud boʻlmagan III shaxs (mugʻoyiba – gʻayb)ga koʻchish I. deyiladi. Mas., Atoyining:

El tirik derlar meni, koʻnglimda fikr etsam vale,

Bu tiriklikda boʻlur yuz ming balo sizsiz menga, –

baytida avval III shaxs (El tirik derlar) haqida soʻz boradi, undan I shaxsga (fikr etsam), soʻng esa II shaxsga (sizsiz menga) koʻchiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish