← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Iqtibos

Iqtibos (ar. اقتباس – ilm oʻzlashtirmoq, oʻzaro foydalanmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat. Keng maʼnoda I. “bir soʻz yoki yozuvni boʻlgani kabi yo qisqartirib olmoq. Biridan ilman istifoda etmoq... Soʻz orasida Qurʼoni Karimdan yoxud Hadisi Sharifdan yo boshqa maqbul asarlardan bir jumlaning toʻliq yoki qisman oz tasarruf ila yoxud tasarrufsiz olinishi”ni anglatadi va bu maʼnosida I. sitata (q.) bilan sinonimdir. Sheʼriy sanʼat sifatida esa I. “Qurʼon yo hadisdin bir nimani aning Qurʼon yoki hadisdin olingʻanigʻa ishora boʻlmagʻan tarzda kalomgʻa kiritmaktin iborattur” (Atoullo Husayniy). Yaʼni I. sanʼati Qurʼon va hadis ilmi bilan bogʻliq boʻlib, ijodkorning oʻz fikrini shu ikki moʻʼtabar manbaga tayanib asoslashini anglatadi. I. sanʼati mumtoz adabiyotimizda keng qoʻllangan boʻlib, uning ikki navi mavjud. Birinchi navida oyat yoki hadis aynan keltiriladi va “darj” deb yuritiladi. Oyat yoki hadisni aynan emas, balki tarjimasi yoki mazmunini keltirish esa “hall” deb ataladi. Demak, umumlashtirib aytish mumkinki, baytda oyat yoki hadisni hech qanday ishorasiz aynan keltirish ham, baytga oyat yoki hadisning mazmunini singdirib yuborish ham I. sanaladi. Oyat yoki hadisni baytga kiritishdan murod shunchaki bezak berish emas, balki muayyan gʻoyaviy-estetik maqsad (fikrni tasdiqlash, quvvatlantirish, kuchaytirish va sh.k.) bilan amalga oshadi va lirik qahramon fikr-kechinmalarini yorqin ifodalashga xizmat qiladi. Mas., Haziniyning:

Xudovando, Haziniyning gunohin magʻfirat aylab,

Ki, doxili jannat "min taxtih-al-anhar" boʻlgʻaymu? –

baytidagi “min taxtih-al-anhar”(“ostilaridan daryolar oqib turuvchi”) jumlasi Qurʼoni Karimning “Baqara” surasi 25-oyatidan olingan. Mazkur oyat (tarjimasi)da shunday deyiladi: "Iymon keltirib, yaxshi amal qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan daryolar oqib turuvchi bogʻlar. Qachon oʻsha bogʻlarning biror mevasidan bahramand boʻlsalar, «Ilgari totib koʻrgan narsamizku»,– deyishadi. Zero, ularga surati bir-biriga oʻxshagan mevalar beriladi. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordur. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar". Yaʼni bu oʻrinda I. lirik qahramonning ayni damdagi ruhiy holatini yorqin ifodalaydi. Xudoga iltijo etayotgan lirik qahramon oʻzining osiy banda ekanini biladi, shunga qaramay, umidvorlik bilan yashaydi, chunki Allohning karami kengligiga inonadi, undan magʻfirat tilab, oʻzini sevimli bandalari, jannatda abadiy qoluvchi zotlar qatoriga qoʻshishidan umidvor boʻladi. Albatta, shoir baytda aytmoqchi boʻlgan fikrlar, uning ayni damdagi oʻy-hislari I. orqali ishora qilingan manbadan xabardor kishilarga koʻproq tushunarlidir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish