← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Inversiya

Inversiya (lot. inversion – agʻdarish, oʻrnini almashtirish) – gap boʻlaklarining odatdagi tartibini oʻzgartirish asosida yuzaga keluvchi sintaktik usul, stilistik figura. I. gapdagi biron bir soʻz yoki soʻz birikmasi (gapning bir qismi)ni emfatik yoki mantiqan ajratish, sheʼriy nutqni ritmik-intonatsion jihatdan tashkil etish (qofiyalanuvchi soʻzni kerak oʻringa oʻtkazish) kabi maqsadlarda qoʻllanadi. I. sheʼriy nutqda eng koʻp qoʻllanuvchi, deyarli barcha sheʼrlarda uchraydigan sintaktik usuldir. I. maʼno urgʻusi tushayotgan soʻzni taʼkidlab koʻrsatish, uni misradagi urgʻuli pozitsiya – koʻproq misra oxiriga surish imkonini beradi. Mas., A.Oripovning: “Ulugʻvor bir qudrat bilan Chayqaladi choʻng dengiz”,– satrlari sintaktik sathdagi normadan ogʻish boʻlmagan holda “Choʻng dengiz ulugʻvor qudrat bilan chayqaladi” tarzida berilishi kerak. I. hodisasining yuz berishi natijasida “qudrat bilan” soʻz qoʻshilmasi va “dengiz” soʻzi misralarda urgʻuli pozitsiyaga oʻtadi, ayni shu soʻzlarga maʼno urgʻusining tushishi muallif ijodiy niyatiga, sheʼr mazmuni va emotsional tonalligiga muvofiq keladi. Sheʼrning keyingi satrlari – “Qancha ogʻir harsang toshlar Tubda unga choʻkkan tiz” – I.ning ritmik-intonatsion funksiyalari ham borligini koʻrsatadi. Odatdagi tartibda bu misralar “Tubda unga qancha ogʻir toshlar tiz choʻkkan” shaklida boʻlishi lozim edi. Inversiya natijasida, birinchidan, ifodalash koʻzlangan mazmun uchun eng muhim soʻzlar (“harsang toshlar”, “tiz choʻkkan”) urgʻuli pozitsiyaga oʻtkaziladi, ikkinchidan, “dengiz” va “tiz” soʻzlari qofiyalanadi. Oʻxshashlik asosida sintaktik I. bilan bir qatorda baʼzan kompozitsion I. haqida ham gapiriladiki, bunda syujetda voqealarning yuz berish tartibiga mos boʻlmagan tarzda joylashishi (yaʼni davriy jihatdan avval yuz bergan voqeaning keyin tasvirlanishi) nazarda tutiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish