← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Invektiva

Invektiva (lot. invehor – tashlanmoq, hujum qilmoq) – biron shaxs, ijtimoiy guruh yoki hodisani keskin tanqid qilish, fosh etish, qoralashga qaratilgan nutq. Janrlarni mazmun jihatidan tasniflagan holda baʼzan I.ni alohida lirik janr deb koʻrsatish hollari ham uchraydi. Biroq bu unchalik toʻgʻri emas. Chunki I. turli adabiy shakllar, turli janrlarda namoyon boʻladi. Mas., antik Rimdagi ayblov nutqlari (Sitseron. “Filippikalar”), ayrim epigrammalar, pamfletlar, xatlar I. namunasi sanalishi mumkin. XX asr oʻzbek sheʼriyatida I. ruhida koʻplab sheʼrlar yaratilgan. Jumladan, Choʻlponning “Ulugʻ Britaniyaning bu kungi hukumatiga”, “Qoʻzgʻolish”, Gʻafur Gʻulomning “Sharaf qoʻlyozmasi” kabi sheʼrlari I.ga misol boʻla oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish