← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Intriga

Intriga (lot. intrico, fr. intrigue – chalkashtiraman) – voqeaband asar personajlarining oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish yoʻlidagi murakkab, tobora chigallashib boruvchi xatti-harakatlari, haqiqiy maqsadini yashirgan holda ishlatgan turfa hiyla-nayranglari. Odatda, bunday xatti-harakatlardan qarshi tomon bexabar qoladi, bu esa syujet voqealarining qiziqarli, asarning oʻqishli boʻlishiga xizmat qiladi. Shunga koʻra, I. sarguzasht tipidagi, avantyur syujet asosiga qurilgan asarlarda, ayniqsa, keng qoʻllaniladi. I. asar voqealarini, qahramonlar taqdirini chalkashtirib yuboradi, toʻqnashuvlarni kuchaytiradi, syujetning u yoki bu tomon rivojlanishiga turtki beradi. “Oʻtgan kunlar” romanidagi Homidning Kumushga erishish yoʻlidagi xatti-harakatlari (chaquv, soxta taloq xati, raqibini mahv etishga intilish, Kumushni olib qochish rejasi) I.ning yorqin namunasi boʻla oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish