← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Intoq

Intoq (ar. انطاق – soʻzlatish, gapirtirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, badiiy asarda hayvonlar, qushlar va jonsiz narsalarni xuddi insonlar kabi soʻzlatish. I. shoirga oʻzining kechinmalari, borliqqa munosabati, hayot haqidagi falsafiy mushohadalarini bilvosita ifodalash imkonini beradi. I. sanʼatining ildizlari qadimgi asotir va afsonalar, ertak va dostonlarga borib taqaladi. Keyinchalik ushbu usul yozma adabiyotda ham keng qoʻllanilgan. Jumladan, yozma adabiyotdagi munozara, masal kabi janrlar, asosan, I. sanʼati asosida yaratilgan. Adabiyot tarixida mazkur sanʼat asosida “Mantiq ut-tayr”, “Lison ut-tayr” kabi yirik asarlar ham yozilgan. I. faol qoʻllanuvchi badiiy usullardan boʻlib, uning goʻzal namunalari deyarli barcha mumtoz shoirlarimiz ijodida, shuningdek, hozirgi sheʼriyatda ham koʻplab uchraydi. Mas., A.Oripovning:

Shivirlab gullar dedi: “Kirma bu boqqa, ey yigit,

Bunga kirganlar kirurlar sochini qor etgali”, –

baytida I. sanʼati mohirona qoʻllangan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish