← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Intonatsiya

Intonatsiya (lot. intone – kuchli talaffuz etaman) – jonli nutqning ifodaviyligini taʼminlovchi asosiy omil, tilning fonetik vositalari (tovush toni, talaffuz tempi, tembr, pauzalar, melodika, mantiqiy va emfatik urgʻular) majmui. I. jumla mazmunining reallashuvida (yaʼni soʻzlovchi yuklayotgan mazmun, xabar qilinayotgan narsaga modal munosabat, suhbatdoshga munosabat va sh.k.larning ifodalanishida) hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yozma nutqda I. jumla qurilishi, shuningdek, tinish belgilari, grafik vositalar (maʼlum soʻz yoki boʻlakni ostiga chizib, kursiv, qoraytirish yoki bosh harflar bilan yozib taʼkidlash; soʻzlarni oʻzgacha tarzda, mas., boʻgʻinlarga ajratib, ayrim tovushlarni ikkilantirib va b.) orqali beriladi. Biroq bu vositalar ham jonli nutq I.sini toʻliq berishga qodir emas, yozma nutq I.si “ichki quloq” bilan his qilinadi, demakki, bungacha u xayolan “talaffuz etiladi”. Nutq hodisasi sanaluvchi badiiy asar mazmunini ifodalash, oʻquvchiga gʻoyaviy-emotsional munosabatni yuqtirish va shu asosda unga muayyan estetik taʼsir oʻtkazishda I.ning juda katta roli borki, u sheʼriy nutqda, ayniqsa, muhimdir. Adabiyotshunoslikda poetik I. haqida gap ketganda, koʻproq sheʼriy nutq nazarda tutilishi ham shundan. Sheʼriy nutqning turoq, misra va bandlarga boʻlinishi, ularning har biri turli uzunlikdagi pauzalar bilan ajratilishi, poetik sintaksisning oʻziga xosligi sheʼr ritmik-intonatsion qurilishini belgilaydi. Yozuvda sheʼr I.sini taʼkidlab koʻrsatish, uni oʻziga xos tarzda kodlashtirishda emfatik urgʻular, qofiyalanish tartibi, misradagi soʻzlarning alohida qatorga chiqarilishi, turli sathdagi (tovush, soʻz, misra) takrorlar, sintaktik parallelizmlar, turli grafik vositalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Koʻrinadiki, sheʼr I.si uning sintaktik qurilishi, grafik ifodalanishi bilan bevosita bogʻliq ekan. Bungacha, asosan, sheʼrning shakliy tomoni haqida gapirildi. Biroq shuning oʻzi bilan kifoyalanish kamlik qiladi, chunki I.ni belgilashda til vositalari orqali ifodalanayotgan mazmun ham katta ahamiyat kasb etadi. Zero, aslida, sheʼrning ilk misrasidagi soʻzlar, uning jumla qurilishi bizga I.dan darak beradi. Mas.: “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, oʻzbegim” (E.Vohidov) yoki “Yurtim, senga sheʼr bitdim bugun” (A.Oripov) misralari oʻquvchini tantanavor, iftixor bilan toʻliq I.ga; “Olti oykim, sheʼr yozmayman, yuragim zada” (A.Oripov) yoki “Doʻstim, dilda ne bor soʻzlayin senga” (R.Parfi) misralari – oʻychan, falsafiy mushohadaga moyil I.ga sozlaydi. Demak, sheʼr I.si uning sintaktik-semantik qurilishi, ritmik tashkillanishi, grafik ifodalanishi orqali yuzaga chiqadi, deyilsa, toʻgʻriroq boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish