← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Intim lirika

Intim lirika (lot. Intimus soʻzidan fr. intime – ichki, oʻta shaxsiy) – lirikaning tematik jihatdan tasniflash asosida ajratiluvchi bir turi, lirik qahramonning ishqiy kechinmalari tasvirlangan lirik asarlar. Muhabbat qadimdanoq sheʼriyatning diqqat markazida turgan va hanuz intensiv ishlanib kelayotgan “mangu mavzu”laridan biri sanaladi. Ijtimoiy-siyosiy lirika har jihatdan ragʻbatlantirilgan shoʻro davrida I.l.ga mensimasdan, ijtimoiy ahamiyatga molik boʻlmagan hodisa sifatida past nazar bilan qaralgan. Holbuki, ijtimoiy hodisa boʻlmish insonning qalbi muhabbat tufayli tozaradi, muhabbat uni maʼnan yuksaltiradi: muhabbat koʻtargan yuksaklikdan turib toza qalb bilan boqqanda, olamning goʻzalligi ham, hikmatlari ham yaqqol koʻrinadi; yorga muhabbat bilangina limmo-lim toʻlgandek koʻringan qalb olamni toʻlasicha qamrashga qodir. Shu bois jahon adabiyoti I.l.ning goʻzal va betakror namunalarini bera olganki, ular insoniyatning bebaho maʼnaviy mulkiga aylangan. Jumladan, Hofiz va Navoiy, Petrarka va Shekspir, Pushkin va A.Blok, Choʻlpon va Mirtemir kabi koʻplab shoirlar yaratgan I.l. namunalari hanuz sevib oʻqiladi, yuksak qadrlanadi, zero, ular muhabbatning oʻzi kabi boqiydir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish