← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Intertekstuallik

Intertekstuallik (lot. inter – aro, textum – toʻqima, mato, matn) – fanga fransuz filologi Yu.Kristeva kiritgan termin. Unga koʻra, har qanday matn avval mavjud boʻlgan matnlarni transformatsiya qilgan holda oʻziga singdirgan sitatalar majmuidir. Mutaxassislar I. konsepsiyasi rus olimi M.Baxtin qarashlarini rivojlantirish, boshqacha aytganda, qayta idrok etish asosida vujudga kelganini taʼkidlaydilar. M.Baxtin adabiyotning mavjudlik qonuniyatlari haqida toʻxtalib, har qanday asar oʻzida ijodkor voqeligini aks ettirgani holda, oʻzidan avvalgi va oʻziga zamondosh adabiyot bilan muntazam dialogik aloqada boʻladi, yaʼni adabiyotning mavjudligi intersubyektiv xarakterga ega deb biladi. M.Baxtin taʼlimotining formal tomoniga urgʻu bergan Yu.Kristeva esa dialogni matnlar doirasi bilan cheklab, intersubyektivlik oʻrniga intertekstuallikni oldingi planga chiqaradi. I. tushunchasi strukturalizm va poststrukturalizm yoʻnalishidagi adabiyotshunoslikda juda tez ommalashdi. Jumladan, fransuz adabiyotshunosi R.Bart ham I.ni qoʻllab quvvatlaydi, har qanday matn “qoʻshtirnoqsiz sitata” deb biladi. Yaʼni unga koʻra, har qanday matn mohiyatan intertekst boʻlib, unda avvalgi va joriy madaniyatga oid matnlar u yoki bu darajada tanib olish mumkin boʻlgan alfozda mavjuddir. Albatta, adabiy asar oʻzidan oldingi va joriy zamondosh adabiyot bilan dialogik aloqada ekan, unda boshqa matnlarning izlari sezilishi (q. reminissensiya) tabiiy. Biroq postrukturalistlar bu holni mutlaqlashtiradilar, uni badiiy asar tabiatini belgilovchi qonuniyat maqomiga koʻtaradilar. Avvalo, ular matnni gʻoyat keng tushunishadi: adabiyot, madaniyat, jamiyat, tarix, inson – bularning bari matn, bari matn tarzida oʻqilishi va uqilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, insoniyat madaniyati toʻlaligicha bitta intertekst sifatida tushunildiki, u yangi yaratilayotgan har qanday matnga asos (podtekst) boʻlib xizmat qiladi. Demak, yangi yaratilayotgan matn subyekti madaniyatning ulkan intertekstini tashkil qilayotgan sanoqsiz matnlarga singib ketadi, yoʻqoladi. Shu tariqa matn muallifi intertekstual oʻyin proyeksiya qilinadigan boʻshliq deb tushuniladi, matnga esa individning maqsadli faoliyati emas, ongsiz tarzda amalga oshuvchi “intertekstual oʻyin” mahsuli sifatida qaraladi. Bu esa badiiy ijodda individuallikni inkor etib, tabiiy ravishda, “subyekt oʻlimi” (Fuko), “avtor oʻlimi” (R.Bart) konsepsiyalariga bogʻlanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish