← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Interpretatsiya

Interpretatsiya (lot. interpretation – tushuntirmoq) – talqin; adabiy asar mazmunini idrok qilish, uning mazmuni, badiiy konsepsiyasini anglash, tushunish. Keng maʼnoda I. oʻzga tomonidan aytilgan gap, yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini bir butun sifatida tushunish va tushuntirib berish maʼnosini bildiradi. Badiiy I. turli koʻrinishlarda, jumladan, badiiy mazmunni, yaʼni asardagi “obrazlar tili”ni mantiqiy tushunchalar tiliga (tanqid, adabiyotshunoslik), lirik-publitsistik (essechilik) yoki boshqa bir “badiiy til” tizimiga (rassomlik, kino, teatr va b.) oʻgirish orqali amalga oshadi. I. adabiyotshunos faoliyatida yetakchi oʻrin tutadigan birlamchi amal, chunki adabiy asar haqida fikr bildirish va baholash uchun, avvalo, uni bir butun sifatida tushunish talab qilinadi. Shuning uchun ham I. badiiy tahlil jarayonida har vaqt hozir boʻlgan muhim va belgilovchi amal hisoblanadi (q. badiiy tahlil).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish