← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Intermediya

Intermediya (lot. intermedius – oʻrtada joylashgan, ichidagi) – 1) oʻrta asrlar teatrlarida oʻynalayotgan asosiy spektaklning parda oralaridagi tanaffus payti ijro etilgan maishiy mavzudagi kichik hajviy sahna koʻrinishi; 2) estrada sanʼati va televideniyening rivojlanishi bilan bogʻliq holda faollashgan komik xarakterdagi kichik dramaturgik janr, baʼzan miniatyura nomi bilan ham yuritiladi. Oʻzbek adabiyotida S.Ahmad, Alp Jamol kabi ijodkorlarning “Televizion miniatyuralar teatri” uchun yozilgan I.lari xalqimiz orasida shuhrat topgan. Shuningdek, hozirgi vaqtda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarda (koʻriklar, quvnoqlar va zukkolar bahsi va h.) ijro etilayotgan maishiy mavzulardagi sahna koʻrinishlarini ham I. sanash mumkin. Ushbu sahna koʻrinishlarini havaskorlarning (koʻpincha, kollektiv tarzda) oʻzlari yozishi eʼtiborga olinsa, ularni zamonaviy folklor namunasi deyish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish