← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Inssenirovka

Inssenirovka (lot. in – ga, scaena – sahna) – aslida sahnaga moʻljallab yozilmagan asarlarni (koʻproq, epik asarlarni) sahnalashtirish uchun qayta ishlash. I. sahnalashtirilishi moʻljallangan asarning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlarini (asosiy mazmuni, syujeti, uslubi va sh.k) qayta yaratishni taqozo etadi. Bu esa, originalga nechogʻli bogʻlangan boʻlmasin, I. qiluvchidan maʼlum darajadagi ijodiylikni ham talab etishi shubhasiz, chunki asarni sahnaga moslashtirish undan nimanidir olish, nimalarnidir qoʻshishni taqozo etadi. Yaʼni I. qilingan asar originalning asosiy mazmuni, muhim syujet chiziqlarini saqlasa ham, unga teng boʻlmaydi, mohiyatan u tamom boshqa asardir. Xuddi shu hol koʻplab ijodkorlar, talabchan oʻquvchilarning I.ga nisbatan salbiy munosabatini keltirib chiqaradi. Radio va televideniyening rivojlanishi bilan bogʻliq holda I.ning radioinssenirovka, teleinssenirovka kabi koʻrinishlari paydo boʻldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish