← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Improvizatsiya

Improvizatsiya (lot. improvisus – kutilmagan, birdan) – badiiy ijodning alohida bir koʻrinishi boʻlib, bunda asar bevosita ijro jarayonida yaratiladi. I. koʻproq ijro bilan bogʻliq sanʼat turlari (musiqa, raqs, teatr sanʼati)da, shuningdek, sheʼriyatda kuzatiladi. I.ning ildizlari folklordan suv ichadi. Xalq baxshilari (aedlar, bardlar, qoʻbizchilar, oqinlar, oshiqlar va b.) folklor namunalarini ijro qilish jarayonida I. yoʻli bilan ularga yangiliklar qoʻshib borishgan, shu yoʻl bilan yangi asarlar yaratishgan. Jumladan, termalarni ijro qilish, aytishuvlarda I.ning roli va ulushi sezilarli boʻlgan. I. folklordan yozma adabiyotga, xususan, sheʼriyatga koʻchgan. Oʻtmishda muntazam oʻtkazib turilgan nafis majlislardagi sheʼrxonlikning ijro bilan bogʻliqligi bunga asos boʻlgan. Sheʼriyatdagi I.ning oʻziga xosligi avvaldan muayyan mavzu belgilab qoʻyilishi, yaʼni maʼlum shart asosida voqe boʻlishidadir (q. badiha, ekspromt).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish