← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ishtiqoq

Ishtiqoq (ar. اشتقاق – yorish, boʻlish, soʻzdan soʻzni ajratmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼr yoki nasrda bir oʻzakdan tashkil topgan soʻzlarni ishlatish. I. sanʼatida nasrda bir jumla ichida, sheʼriyatda bir bayt, ruboiy, tuyuq, gʻazal yoki qasida doirasida oʻzakdosh soʻzlar ikki yoki undan ortiq oʻrinda keltiriladi. I.dan murod oʻzakdosh soʻzlarni shunchaki keltirib sheʼrga bezak berish emas, bunda oʻzakdosh soʻzlar orasidagi maʼno aloqadorligi asosida mazmunni tiniq va teran, xushohang ifodalash kabi muhim estetik samaralar koʻzlanadi. Mas., Navoiyning:

Figʻonkim, koʻnglim olgʻon dilbarim dildorligʻ bilmas,

Bilur oshiqni gʻamgin qilmoqu gʻamxorlik bilmas,–

baytida “dilbar – dildor”, “gʻamgin – gʻamxorlik” oʻzakdosh juftliklari bir-biriga qarshi qoʻyiladi va shu asosda oshiqning iztiroblari yorqin ifoda etiladi. Ayrim hollarda I. takrir (yoki radd)ga oʻxshasa-da, ularni farqlash joiz. Mas., Navoiyning:

Sarvinozim gul chogʻi gulshanga kirdi, ey nasim,

Ham oni yelpiyu ham gul yafrogʻin boshiga soch, –

baytida “gul chogʻi”, “gulshan”, “gul yafrogʻi” qatoridagi soʻzlar oʻzakdosh emasdek, bu oʻrinda sheʼriy sanʼat oʻzakdosh soʻzlarni emas, balki “gul” soʻzi takrori asosida yuzaga chiqayotgandek tuyulishi va bu oʻrinda I. emas, takrir sanʼati qoʻllangan, degan yanglish xulosaga kelib qolish mumkin. Holbuki, “gul chogʻi” maʼlum bir paytni (gullash vaqtini), “gul yafrogʻi” esa narsani (“gulbarg”) anglatuvchi qoʻshma soʻzlar boʻlib, ular morfologik usulda yasalgan “gulshan” soʻzi bilan oʻzakdoshdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish