← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ichki monolog

Ichki monolog – personajning moddiylashmagan, oʻziga qaratilgan va ichidagina kechuvchi nutqi; badiiy psixologizmning bevosita shakli. I.m. shartli ravishda inson ongida kechayotgan oʻylov (his etish) jarayoni sifatida qabul qilinadi. Personaj ruhiyatini tasvirlash vositasi sifatida I.m. antik dramaturgiyadayoq maʼlum boʻlgan, uygʻonish davridan boshlab, ayniqsa, keng qoʻllanila boshlagan. Dramatik asarlardagi I.m.larda “ikki karra shartlilik” kuzatiladi. Chunki dramadagi I.m. moddiylashadi –talaffuz etiladi, lekin personaj sahnada yolgʻizligi va nutqining oʻziga qaratilgani shartlilik asosida bu gaplarni haqiqatda voqe boʻlmagan, balki uning ongida kechgan jarayon imitatsiyasi deb qabul qilishni taqozo etadi. Shunga oʻxshash, personajning boshqa personajlar bilan muloqot chogʻida “chetga” gapirishi ham haqiqatda gapirilmagan deb qabul qilinadi. Yangi davr rivoyaviy epik asarlarida ham I.m. sahnaviylik xususiyatini saqlab qoladi: uning vositasida personaj yuz berayotgan voqealarni mushohada qiladi, izlanadi, oʻzini taftish qiladi, izhor etadi, iqror qiladi va h. – shu tarzda uning ruhiyati dramatiklashtiriladi. Inson ichki olami, uning tuygʻu-kechinmalarini birinchi oʻringa qoʻygan sentimentalizm adabiyoti I.m.ni keng istifoda etish bilan birga, uning imkoniyatlarini kengaytirishga ham katta hissa qoʻshdi. Realistik adabiyot esa I.m.ni inson ongida kechuvchi jarayonlarga yaqinlashtirishga intildi. Gap shundaki, realizmga qadar I.m. grammatik jihatdan tartibga solinadi, unda mantiqiy izchillik kuzatiladi. Haqiqatda esa inson ongidagi oʻylov (his etish) jarayoni bunday batartib kechmaydi: unga ziddiyatlar, paradokslar, chalgʻishlar, uzilishlar va sh.k.lar ham xosdir. Realistik adabiyot, bir tomondan, oʻylov jarayonini tartibga solishni mukammallashtirdi, ikkinchi tomondan, uning murakkab tomonlarini ham aks ettirishga intilgani uchun I.m.ga oʻrni bilan grammatik va mantiqiy jihatdan izchil tartibga solinmagan unsurlarni ham kiritdi. Xususan, L.N.Tolstoy va F.M.Dostoyevskiy asarlarida I.m. personaj ongida yozuvchi aralashuvisiz kechayotgan jarayon tasviri sifatida berilib, ong va ongosti qatlamlari faoliyatini butun murakkabligi, ziddiyatlari bilan tasvirlashga harakat kuzatiladi. Bu ikki adib tajribalari asosida I.m.ni butkul erkin kechayotgan psixik jarayon sifatida tasvirlash, xuddi shunday effekt hosil qilishga intilish kuchaydi va buning natijasi sifatida XIX – XX asrlar chegarasida I.m.ning “ong oqimi” shakli vujudga keldi (q. ong oqimi).

Hozirgi adabiyotda ham I.m. personaj ruhiyatini tasvirlashning eng muhim vositalaridan biri boʻlib, uning asrlar davomida sayqallangan turli shakllaridan personaj ruhiyatini ochib berishda keng foydalanilmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish